14:24 / 07.04.2022
2469
Samarqandda bir yilda 53 mlrd so‘mdan ortiq aliment undirilgan
Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyatida 1 yanvar holatiga aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari 34 508 ta, ya’ni MIB ish yurituvidagi ishlarning 28,3 foizini tashkil qilgan. Bu haqda byuroning viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ushbu toifadagi ijro hujjatlari yuzasidan 2021 yilda amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 53,1 mlrd so‘mdan ortiq aliment pullari undirib berilgan. Joriy yilning o‘tgan uch oyida esa 21 mlrd 3 mln so‘mdan ortiq aliment pullari undirilgan.

MIB Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Fozil Fayziyevga ko‘ra, 2021 yilda bu toifadagi ijro ishlari bo‘yicha qarzdor va undiruvchilar bilan muntazam profilaktik suhbat olib borilgan. Natijada, 1345 ta yosh oila yarashtirilgan. 2022 yilning o‘tgan uch oyida ajrim yoqasidagi 1961 ta oila tiklangan.

2021 yil davomida ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning 2104 nafari ishga joylashtirilgan. Ularning doimiy bandligi ta’minlanib, aliment undiruvlari ularning ish haqlarini ma’lum miqdoriga qaratilgan. Joriy yilning o‘tgan uch oyida xuddi shunday 640 nafar ishsiz aliment to‘lovchilar ishga joylashtirilgan.

2022 yilning o‘tgan uch oyida 267 nafar qarzdorlar ma’muriy javobgarlikka, 35 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortilgan.

 

Mavzuga oid
Top