22:10 / 12.04.2022
52362
O‘zbekistonda yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalari tasdiqlandi

1 maydan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlaridagi gavjum ko‘chalarda 60 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanish taqiqlanishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Hukumat qarori bilan yo‘l harakati qoidalari yangi tahrirda tasdiqlandi. Bu haqda Nigoh kanali xabar bermoqda.

Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra:

  • Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi respublika komissiyasining qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yo‘l harakati qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarda transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin;
  • Qolgan aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha bo‘lgan masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, yangi qoidalarga ko‘ra endilikda:

  • yengil avtomobillarda yuk tashishga ularning tom qismiga o‘rnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlarni tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi;
  • yuk avtomobillari, ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda, yo‘lning faqat o‘ng qatnov qismidan harakatlanishi shart bo‘ladi;
  • transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki o‘tib to‘xtash taqiqlanadi;
  • sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementlar bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi lozim.

Qarorga ko‘ra, yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari 2022 yil 1 maydan boshlab amalga kiritiladi.

Ma’lumot uchun, Yo‘l harakati qoidalarining amaldagi tahriri 2016 yil 1 martdan beri amal qilib kelayotgandi.

Top