08:30 / 15.04.2022
4486
Rossiya O‘zbekistonda xorijiy korxonalar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

O‘zbekistonda qaysi davlatlarning kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘p ekani ma’lum qilindi. Davlat statistika qo‘mitasi tegishli xabar bilan chiqdi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 1 aprel holatiga respublikada ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 14 109 tani tashkil etib, ulardan 13 656 tasi faoliyat yuritmoqda.

Qayd etilishicha, faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 417 taga oshgan.

O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida Rossiya yetakchilik qilmoqda – 2 390 ta korxona.

Keyingi o‘rinlardan 1 967 ta korxonaga ega Xitoy va 1 961 ta korxonaga ega Turkiya joy oldi.

Shuningdek, xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni bo‘yicha Qozog‘iston va Koreya ham yetakchi beshtalikdan joy olgan. Mos ravishda, 1 109 ta va 890 ta korxona.

Xorijiy kapital ishtirokida 2022 yilning yanvar-mart oylarida yangi tashkil etilgan korxonalarning davlatlar kesimida soni:

  • Rossiya – 107 ta;
  • Turkiya – 95 ta;
  • Qozog‘iston – 46 ta;
  • Xitoy – 45 ta.
Top