Jamiyat | 18:27 / 15.04.2022
64992
8 daqiqa o‘qiladi

Taqvimlarda iftorlik va saharlik vaqtlari turlicha bo‘lsa, nima qilish kerak?

Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi bilan hamkorlikda muborak Ramazon oyi, xususan, ro‘za tutishga doir eng muhim savollarga javoblar taqdim qilmoqda.

Savol: Og‘iz ochish, ya’ni iftorlik vaqti – turli taqvimlarda turlicha ko‘rsatilgan bo‘lsa, qanday yo‘l tutiladi?

Javob: Dinimiz yengillik dini va uning hukmlari hammaga tushunarli va soddadir. Jumladan, dinimizda hijriy-qamariy oylar va ibodat mavsumlari: Ramazon oyining boshlanishi va tugashi, Haj mavsumi bo‘lgan Zul-hijja oyining boshlanishi kunlari yangi oy-hilolning chiqishi bilan, namoz vaqtlari esa quyoshning chiqishi, tikkadan og‘ishi va botishi bilan belgilanadi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bu haqda shunday deydi: “Sizdan (ey, Muhammad!) hilollar (yangi oylar) haqida so‘raydilar. “Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir”, deb ayting” (Baqara surasi 189-oyat).

Payg‘ambarimiz alayhissalomdan oyning to‘lishi, kamayishi, turli holatda bo‘lishi haqida so‘ralganda Alloh taolo yuqoridagi oyatni nozil qilib bayon qildiki, oyning to‘lishi va kamayishidan ro‘zani boshlash va tugatish, haj mavsumini bilish, ayollarning iddalarini hisoblash, qarz oldi-berdilarining muddati kelganini aniqlash mumkin bo‘ladi (Abu Ja’far Tabariy, Tafsiri Tabariy).

Ramazon ro‘zasi og‘iz yopish vaqtining tugashi va bomdod namozi vaqti kirishi bilan bir xil, ya’ni tong otishi bilan belgilangan bo‘lsa, og‘ish ochish vaqti va shom namozining vaqti – quyosh botishi bilan boshlanadi.

Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ngra, ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz!” (Baqara surasi 187-oyat).

Oyati karimadagi oq ipdan murod tong, qora ipdan murod tundir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom saharlik vaqti haqida shunday deydilar: “Sizlarni Bilolning azoni ham, mana bunday uzunchoq bo‘lib otgan tong ham saharlikdan to‘sib qo‘ymasin. Toki mana bunday ko‘ndalang bo‘lmagunicha (saharlik qilaveringlar). Roviylardan biri – Hammod qo‘li bilan tongni ko‘ndalang bo‘lib otishini ko‘rsatib hadisni rivoyat qildi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Bu hadisi sharifdan bilamizki, Payg‘ambarimiz alayhissalomning davrlarida ikkita azon aytilgan. Biri Bilol roziyallohu anhu tomonidan tong otishiga yaqinlashganda odamlarni bundan ogoh qilish uchun. Ikkinchisi Abdulloh ibn Ummi Maktum tomonidan tong otganda aytilgan.

Demak, tong ufqda ko‘ndalang bo‘lib otishi haqiqiy tong otishidir – subhi sodiq ekani haqida fiqh kitoblarimizda shunday bayon qilingan:

“Mazhabimiz ulamolari aytadilar: “Ro‘zani vaqti – ikkinchi tong (subhi sodiq-ufqqa ko‘ndalang yoyilgan tong)dan toki quyosh botguncha (ro‘zaning vaqti chiqquncha)dir. Mazhabimiz ulug‘laridan, ikkinchi tong (subhi sodiq) endi otgan payt e’tiborlimi yoki ko‘ndalang bo‘lib otishi va keng tarqalishimi, bu masala rivoyat qilinmagan. Ulamolar bu borada turlicha qarashga ega bo‘lganlar. Ba’zilari tong otishining avvalgi vaqti e’tiborli deyishgan bo‘lsa, ba’zilari tong ko‘ndalang bo‘lib otishi e’tiborli deyishgan. Shayx, imom Shamsul-aimma al-Halvoniy rohimahulloh aytdilar: “Avvalgi gap ehtiyotroq, keyingi gap kengroq (xalqqa yengilroq)” (“Al-Muhitul Burhoniy” kitobi).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi chiqarayotgan taqvim ulamolarimiz aytayotgan tong otishining dastlabki vaqtlariga, boshqacha aytganda ehtiyotga asoslangan. Chunki mazkur taqvimdagi saharlik vaqti tugaganda barcha shart-sharoitlarga rioya qilib tong kuzatilsa, ufqda ko‘ndalang va keng yoyilgan tongni ko‘rib bo‘lmaydi. Balki tongning dastlabki ko‘rinishini kuzatish mumkin, xolos.

Payg‘ambarimiz alayhissalom iftor vaqti haqida shunday deydilar: “U (mashriq) tomondan tun kelsa, bu (mag‘rib) tomondan kun chekinsa va quyosh botsa, ro‘zador og‘iz ochadi (iftor qiladi) (Muttafaqun alayh).

Demak, dastavval namoz vaqtlari, ro‘za va hajning vaqtlarini belgilab bergan zot Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam edilar. U zotning ko‘rsatmasiga ko‘ra sahobiylar va keyingi davr musulmonlari bu ishni davom ettirdi. Har bir davrning qozikalonlari bu ishni zimmalariga olib, omma musulmonlarning mushkulini oson qilishgan. Hozirgi kunga kelib, musulmon diyorlardagi Fatvo markazlari va uyushmalari bu mas’uliyatli ishni amalga oshirib kelmoqda. Yurtimizda esa hijriy-qamariy oylar hisobi, namoz vaqtlari va Ramazon ibodat mavsumlari hisobini O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati olib boradi. Taqvimlardagi hisob-kitoblar mo‘tabar diniy manbalar, kuzatuvlar, xalqaro Fatvo markazlari va O‘zR FA Astronomiya instituti ma’lumotlariga asoslanadi. Har yili namoz vaqtlarining yillik taqvimi va ramazon uchun maxsus taqvim chiqarib, xalqimizga taqdim qilinmoqda.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ishlab chiqilgan taqvim

Ba’zida Ramazon oyida tarqaladigan O‘zbekiston musulmonlari idorasining taqvimidan boshqa taqvimlarda saharlik vaqtida biroz tafovut ko‘rinadi. Aniqrog‘i, arab diyorlari yoki boshqa olis yurtlarning taqvimlaridan ko‘chirilgan u taqvimlarda saharlik vaqti mahalliy taqvimlarga nisbatan 15-20 daqiqa avvalroq tugaydigan qilib belgilangan. Bunga sabab ba’zi davlatlar yer ekvatoriga yaqin joylashganligi va Quyosh harakati yo‘lining gorizontga deyarli tikkaligidir. U taqvimlarga amal qilish ro‘zani ehtiyot qilish bo‘lsa-da, bomdod namozining vaqti kirishi avvalroq belgilanib qolishi ehtimolini keltirib chiqaradi. Vaqtidan avval o‘qilgan namoz qabul bo‘lmaydi, bekor bo‘ladi. Shuning uchun arab davlatlari va bizning yurtlarimizni bu borada bir qolipga solib bo‘lmaydi.

Yuqorida zikr qilingan oyati karima va hadisi shariflardan ma’lum bo‘ldiki, saharlik va iftorlik vaqtini bilish juda sodda qoidalarga asoslangan, uni bilish uchun biror asbob-uskuna kerak bo‘lmaydi. Yurtimizda qabul qilingan vaqtlar ham astronomik kuzatishlar ham mutaxassislarning ko‘z bilan kuzatishiga asoslangan. Shuning uchun bizning tavsiyamiz shuki, yurtdoshlarimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi taqvimini asos qilib olib, saharlik va iftorlik vaqtlariga qat’iy rioya qilishi kerak. Aslo bee’tiborlik qilib, saharlik vaqtidan o‘tkazib yuborish yoki iftorni vaqtidan avval qilish joiz emas.

Ibodatlar borasida ehtiyot tomonini olish jihatidan, fiqhiy manbalarimizda saharlikni tong otdimi-yo‘qmi, deb shakka tushadigan vaqtgacha kechiktirmaslik bayon qilingan.

Demak, saharlikni imkoni boricha tong haqida shubhaga tushadigan vaqtgacha taqamaslik, balki 10-15 daqiqa ertaroq og‘iz yopish ehtiyotga yaqinroqdir.

Endi bomdod namozida ehtiyotkorlik tong otishi bilanoq uni o‘qish emas, balki biroz tong yorishgach, tong otgani aniq bo‘lganidan keyin o‘qish mustahabdir.

Yuqoridagi oyat va hadisi shariflarga asoslangan mazhabimiz ulamolari chiqargan hukmlarga amal qilsak, ibodatlarimiz to‘g‘ri va Alloh taoloning dargohida maqbul bo‘ladi, inshalloh. Vallohu a’lam.

Maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.

Mavzuga oid