18:13 / 23.04.2022
13507
Uka akasiga buyragini berdi: Andijonda ilk marta transplantatsiya operatsiyasi o‘tkazildi

O‘zbekistonda buyrak ko‘chirib o‘tkazish, jigar va o‘zak hujayra amaliyotlari kengayib bormoqda. So‘nggi yillarda 700 dan ortiq ana shunday operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi. Samarqand, Namangan, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan transplantatsiya amaliyotlari bugun ilk bor Andijonda ham amalga oshirildi.

23 aprel kuni Andijonda ilk bor murakkab buyrak ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Mazkur operatsiya Andijon shahar tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Saidmurod Ismoilov rahbarligidagi guruh hamda andijonlik malakali shifokorlar hamkorligida amalga oshirildi.

Bemor Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi Bekzodbek Hasanovga o‘z ukasi Imomali buyragini berib donorlik qildi.

Tibbiyot fanlari doktori Fazliddin Bahriddinov boshchiligidagi doktorlar brigadasi hamda andijonlik malakali shifokorlar hamkorligida ikki bosqichli operatsiya bir vaqtning o‘zida o‘tkazildi, ya’ni ukadan sog‘lom buyrak olinib, akasining kasallangan va o‘z vazifasini bajarmayotgan buyragi o‘rniga qo‘yildi.

“Toshkentdan kelgan malakali shifokorlar bilan andijonlik shifokorlarning yelkama-yelka turib murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazayotgani biz uchun quvonarli. Mutaxassislarimizga mazkur operatsiya mahorat darsi vazifasini o‘tab berdi. O‘ylaymizki, viloyatimizda tez kunlarda mana shunday murakkab operatsiyalarni amalga oshirishni boshlaymiz”, deydi Andijon shahar tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Nuriddin Usmonov.

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid
Top