17:44 / 23.04.2022
34423
“Guangzhou” klinikasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bemorlarga soxta dorilar tarqatilgani aytilmoqda

“Guangzhou medical of China” klinikasi bemorlarni aldab, ularga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dorilarni 2-3 millionga pullab kelayotgani haqida videolar tarqaldi. Klinika xodimlari arzon dorilarni qayta qadoqlab, bemorlarni aldab kelgan bo‘lishi mumkin. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda “Guangzhou medical of China” klinikasida bemorlarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan arzon narxdagi dorilar qayta qadoqlanib, 2-3 millionga sotilayotgani aytilgan videolar tarqaldi.

Videolarda bemorlarga klinika xodimlari O‘zbekistondagi dorilarni asl qadog‘idan ajratib, boshqa paketlarga solib pullayotgani aytilgan.

“Undan ko‘rsatib, bundan ko‘rsatib dorini oladi, qo‘shadi-da. Bu yer hojatxona. Shu yerda suvga dorilarni qaynatib, sizga quyib beryapti. Toshkent shahrida, viloyatlarda odamlarning mazasi qochishni boshladi, shuning uchun tekshiruv o‘tkazdik. O‘zimizning 10-50 ming so‘mlik dorilarni 2 millionga sotib olyapsiz”, – degan klinikani tekshirishga kelgan shaxslardan biri.

Videodan ko‘rinadiki, klinikada O‘zbekistonda yetishtirilayotgan jiyda, archa ildizi kabi mahsulotlar ham bemorlarga qimmat narxda sotilgan bo‘lishi mumkin.

“O‘zbekistonning dorilarini olib, boshqa paketlarga solib, qadoqlab 4-5 milliondan sotyapti”, – degan videoni tasvirga olgan fuqaro.

Klinikaning xitoylik vakili dorilarning hammasi ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaganini, Xitoydan olib kelinganlari ham borligini aytgan. U o‘zining ishchi xodim ekani va bu voqealardan xabari yo‘qligini bildirgan.

Hozir holat Toshkent shahar IIBB nazoratiga olingan. IIBBga ko‘ra, “Guangzhou medical of China” MChJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan JKning 186-3-moddasi 2-qismi “b” bandi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari bilan bog‘liq faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Jinoyat ishi doirasida mazkur klinikaning Toshkent shahridagi va boshqa viloyatlardagi filiallarida tekshiruv o‘tkazilgan. Hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda”, – deyilgan IIBB xabarida.

Top