16:10 / 26.04.2022
4982
Birorta ham hududiy hokimlik budjet bo‘yicha ochiq ma’lumotlarni e’lon qilmagan – Hisob palatasi

Qishloq xo‘jaligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari ham budjet jarayoni ochiqligiga rioya qilmagan. 2ta tashkilot ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Foto: Shutterstock

2021 yilning 3-chorak yakuni bo‘yicha 91ta, 4-chorak yakuni bo‘yicha 54ta tashkilot budjet qonunchiligi bo‘yicha ochiq ma’lumotlarni umuman joylashtirmagan. Bu haqda Hisob palatasi budjet ochiqligiga oid jamoatchilik eshituvida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Hisob palatasi hisobotiga ko‘ra, 3-chorak yakuni bo‘yicha ma’lumotlarni to‘liq joylashtirgan tashkilotlar soni 10ta bo‘lgan bo‘lsa, 4-chorak yakuni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 66tagacha yetgan.

Palata budjet jarayoni ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan ayrim tashkilotlar hanuzgacha mazkur yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratmayotganiga urg‘u bergan.

“2021 yilning 3-chorak yakuni bo‘yicha 91ta, 4-chorak yakuni bo‘yicha 54ta tashkilot ochiq ma’lumotlarni umuman joylashtirmagan.

Masalan, barcha hududiy hokimiyat organlari, Bandlik va mehnat munosabatlari, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va boshqa bir qator tashkilotlar”, deyiladi palata axborotida.

Shuningdek, 2ta tashkilot mansabdor shaxslari budjet jarayoni ochiqligini ta’minlash tartibiga rioya qilinmagani sababli ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Biroq palata axborotida bular qaysi tashkilotlar ekani ochiqlanmagan.

“Bugungi kunda yana bir qator tashkilotlarning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan”, deyiladi palata hisobotida.

Ma’lumot o‘rnida, Budjet jarayoni ochiqligini ta’minlash tartibi, Budjet kodeksining 1661-moddasida hamda Adliya vazirligi tomonidan 3299-son bilan ro‘yxatga olingan Nizomda belgilab berilgan.

Ushbu Nizomda, budjet jarayoni ochiqligiga oid ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirib borish shakllari, tartibi va muddatlari aniq ko‘rsatilgan.

Top