08:23 / 04.05.2022
9833

“Bu yuqori noaniqlikdagi holatlardan biri” – Natalya Zubarevich Rossiya neft bozori taqdiri haqida

Iqtisodchi Natalya Zubarevich hozirgi Rossiya neft bozoridagi vaziyat haqida gapirdi.  

Foto: Gleb Yeryomenko

Iqtisodchi, Moskva davlat universiteti professori Natalya Zubarevich “Hoshimov iqtisodiyoti”ga bergan intervyusida mehnat bozoriga neft sanoatining ta’siri haqida gapirdi.

“Diskont 2020/21 yilga qaraganda yuqoriroq. Shuning uchun neft kompaniyalari kam mahsulot sotayotganiga qaramay  ko‘proq  daromad topmoqda. Kompaniyalar jahondagi narxlar oshishi tufayli chegirma bilan ham ko‘proq daromad topmoqda. Shu sababli hozircha keskin o‘zgarishlar yo‘q. Boshqa masalalar qiynayapti: texnologik jihatdan, qazib olgan hamma neftingizni sota olmaysiz. Shuningdek, neftni qayta ishlash zavodlarida neftni qayta ishlay olmaysiz. Chunki siz ishlab chiqargan mazutingizni sotolmaysiz va uni saqlash uchun ortiqcha joy yo‘q, barcha joylar band. Bu siz neft quduqlarini va neftni qayta ishlash zavodlarini yopishingizni anglatadi. Bu ish o‘rinlari (yoki bandlik) qisqarishi degani. Neft ishlab chiqarish qiyin ish emas, shu sababli ish o‘rinlari keskin qisqarishi yuz bermaydi. Neftni qayta ishlash nisbatan qiyin ish, ammo uskunalaringizning bir qismini ta’mirlashga berishingiz mumkin bo‘ladi. Odamlarni esa to‘liq bo‘lmagan bandlik ishlariga yuborishingiz mumkin – bu mehnat bozorini muvozanatga keltirishning asosiy usuli. Shu bois hozircha mehnat bozorida neft sanoati muammolari katta ta’sirini ko‘rsatmaydi”, – dedi u.

Professorning ta’kidlashicha, neft narxi eksportdagi yo‘qotishlar o‘rnini qoplamoqda.

“Hozirda rublda qisqarish ro‘y bergani yo‘q, federal budjet daromadi o‘sdi. Chunki budjetning asosiy daromad manbayi neft va gazdan keladigan soliqlar, bular dollarda hisob-kitob qilinadi, mart oyidagi federal budjet daromadlari devalvatsiya hisobiga yuqori darajada o‘sdi, bizda katta profitsit kuzatilib, trillion rublga yetdi. Shu sababli yil oxirigacha neft eksporti juda keskin qisqarsa, unda biz daromadlar pasayishini muhokama qilamiz. Hozircha neft narxi eksportdagi yo‘qotishlarni kompensatsiya qilmoqda”, – dedi u.

Zubarevichga ko‘ra, neftdan keladigan mablag‘larning aksariyat qismi federal budjetga, neft kompaniyalaridan keladigan daromad solig‘i mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladi.

“Bu ham sotishga bog‘liq bo‘ladi. Hech kim sizga neft ishlab chiqarish va sotish qanchaga qisqarishini ayta olmaydi, bu aniq emas. Ammo hududlarda neft   daromad solig‘i qisqarishi ehtimoli yuqori. Chunki nafaqat neft savdosiga, balki mineral o‘g‘itlar, metall (rangli metalldan tashqari) savdosiga ham cheklovlar kiritilgan, bu borada hamma joyda kattagina muammo bor. Chunki katta ehtimol bilan gaz va neft hamda metall soliqlardan tushadigan foydaga bog‘liq bo‘lib qolgan hududlar yutqazadi, lekin biz aniq yo‘qotishlar qancha bo‘lishi haqida bir narsa deya olmaymiz. Bu yuqori noaniqlikdagi holatlardan biri desak ham bo‘ladi. Biz Rossiyadan neft sotib olishga sanksiya yoki cheklov qo‘yiladimi yoki yo‘q – buni aniq bilmaymiz. Hozircha faqat ko‘mir borasida bitta Kemerovskaya oblasti katta yo‘qotishlarni boshdan kechirdi. Bu borada aniq gapirishim mumkin, bu hudud 2022 yilda budjetga juda katta muammo keltiradi. Neft bilan bog‘liq tendensiyalarni hozircha kuzatib turamiz”. 

Top