08:32 / 10.05.2022
8278

Sovet marshali Konev Praganing faxriy fuqarosi maqomidan mahrum qilinishi mumkin

Praga magistrati mer Zdenek Xribning marshal Ivan Konevni 1945 yil iyun oyida unga berilgan Chexiya poytaxtining faxriy fuqarosi maqomidan mahrum qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Foto: Micha Korb

Praga rasmiylari sovet marshali Ivan Konevni 1945 yilda unga berilgan shaharning faxriy fuqarosi maqomidan mahrum qildi. Chexiya OAVning 9 may, dushanba kuni xabar berishicha, bunga Konevning ayrim shubhali qarorlari, jumladan, urushdan keyin Mlada-Boleslavni bombardimon qilish, shuningdek, marshalning 1956 yilda Vengriyadagi norozilik namoyishlarini bostirishdagi ishtiroki sabab bo‘lgan.

Konevni faxriy fuqaro maqomidan mahrum qilish tashabbusi bilan Praga meri Zdenek Xrib chiqdi. Yakuniy qarorni Praga shahar kengashi - shahar hokimiyatining oliy organi qabul qilishi kerak. Uning ba’zi vakillari bu harakatni qo‘llab-quvvatladi, shuning uchun shahar kengashi magistrat qarorini tasdiqlashi kutilmoqda.

Ivan Konev (1897 - 1973) Praga, Polshaning bir qismi, Sileziya va Saksoniyani ozod qilishda qatnashgan. U 1945 yil 6 iyunda - qo‘mondonligi ostidagi qo‘shinlar shaharni fashistlardan ozod qilganidan ko‘p o‘tmay, Praganing faxriy fuqarosiga aylangan. 

České noviny nashrining eslatishicha, Konev Vengriyadagi qo‘zg‘olonni qonli bostirishga ham rahbarlik qilgan va 1961-1962 yillarda, ya’ni Berlin devori qurilishi amalga oshirilgan inqiroz davrida Berlinda xizmat qilgan. 

2020 yilda Pragada 1980 yilda o‘rnatilgan Konev haykali Interbrigada maydonidan olib tashlandi. Shu munosabat bilan Rossiya Tergov qo‘mitasi Rossiya harbiy shon-shuhrat timsollarini tahqirlash moddasi bo‘yicha ish ochdi. Bundan tashqari, Pragada Konev nomidagi ko‘cha nomini o‘zgartirish masalasi muhokama qilinmoqda. 

Mavzuga oid
Top