07:36 / 17.05.2022
6538

Qibrayda bank xodimi bilan til biriktirgan fuqaro 1 mlrd so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qildi

Uzun, Denov va Qibray tumanlarida kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan jihoz va uskunalar sotib yuborilganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Uzun tuman bo‘limi tomonidan ATB “Mikrokreditbank” Uzun filialining murojaatiga asosan  tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “A.S.” oilaviy korxonasi va “CH.S.” MChJ norasmiy rahbarlari Yo.E. va O.T. o‘zaro til biriktirib, avtoservis xizmati va mebel ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bank filialidan jami 450 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shuningdek, bank filiali mas’ul shaxslari aslida olib kelinmagan jihozlar olib kelingani haqida dastlabki monitoring dalolatnomalarni tuzgani oqibatida, kredit mablag‘lari o‘z vaqtida qaytarilmasdan bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani aniqlanib, tekshiruv davomida yetkazilgan zararning 30 mln so‘mi undirilishi ta’minlangan.

Shu kabi, Denov tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “A.S.” xususiy korxonasi rahbari A.T. “Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish” uchun hududiy bank filialidan ajratilgan 300 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan ishlab chiqarish uskunalarini sotib yuborib, kredit mablag‘ini talon-toroj qilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, Qibray tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “I.G.” MChJni norasmiy boshqarib kelgan Sh.J. ATB “Mikrokreditbank” Toshkent viloyati filiali kredit bo‘limi boshlig‘i O‘.M. bilan o‘zaro til biriktirib, MChJ rahbari Sh.ning xabardorligisiz qalbaki hujjatlar asosida ushbu bank filialidan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 1 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishib,  kredit mablag‘ini talon-toroj qilib, bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top