11:00 / 27.05.2022
31740

«Sanab chiqdik, 500 ga yaqin chorva mollari o‘ldi» – Dehqonobodda 23 may sovug‘i oqibatlari

22 maydan 23 mayga o‘tar kechasi respublikaga sovuq havo oqimi kirib kelib, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida qor yog‘gandi. Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida 500 ga yaqin qo‘y va echkilar muzlab qolgani aytilmoqda. O‘sha kuni tog‘larda harorat nol darajagacha pasaygan.

Dehqonobod tumanida ham chorvachilik, ham o‘qituvchilik qiladigan Bekzod Yaxshiboyev Kun.uz bilan suhbatda 22-23 may kunlaridagi sovuq cho‘ponlar chorvasiga qanday ta’sir qilgani haqida gapirib berdi.

«Asosan nimjon chorva nobud bo‘ldi»

«Bu voqea 22 maydan 23 mayga o‘tar kechasi bo‘ldi. Bir kun oldin ob-havo barqaror edi. Dehqonobodda bu yil o‘t-o‘lanlar yaxshi bo‘lmagani uchun hamma cho‘ponlar dashtga mayda mollarini haydab ketgandi. Qayerdandir sovuq oqim kelib qoldi. Chorvalar o‘zidan o‘zi o‘lib qolaverdi. Bilmay ham qoldik», – deydi u.

Chorvadorning aytishicha, bahorda bunday katta miqdorda chorvani sovuq urib, o‘lishi ilk marta kuzatilmoqda. Mayda mollarning o‘lishi Dehqonobodning Boyqo‘rg‘on hududida ro‘y bergan. Havo isishni boshlagani sababli qo‘ylarning juni olingan bo‘lgan. Shu ham ta’sir qilib, asosan nimjon qo‘y va echkilar nobud bo‘lgan.

«O‘sha kuni sanab chiqdik, 500 tacha chorva nobud bo‘ldi. Men qo‘ylarimni dashtga olib chiqmagandim. Mening chorvamda zararlanish bo‘lmadi. Asosan qo‘ylar va echkilarning kuchsizlari nobud bo‘ldi. Bular ham 2-3 nafar cho‘ponniki emas. 20-30 nafarcha cho‘ponning chorvasi nobud bo‘ldi. Kimdandir 5-10 ta bo‘lsa, boshqa birovdan 30-40 ta chorva nobud bo‘lgan», – deydi Yaxshiboyev.

May oxirida tog‘li hududlarda qor yog‘ishi ilk marta emas

Global iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonga ham ta’sir qilib, sellar ko‘payishi, daraxt gullarini sovuq urgani, changli shamollar tez-tez takrorlanayotgani kabi holatlar yuz berib turibdi.

Kun.uz muxbiri Dehqonobodda may oyi oxirida qor yog‘ishi qanchalik normal hol ekani haqida so‘rab, gidrometeorolog Erkin Abdulahatovga murojaat qildi. 

Iqlimshunosning ma’lumot berishicha, may oyi oxirida tog‘larda qor yog‘ishi – tabiiy holat. Deyarli har yili bunday hodisa kuzatiladi. O‘tgan yili Dehqonobod tumanining Shaqshor tog‘ida ham aynan 22 may kuni qor yog‘gan. Vaholanki, o‘tgan yili bahor fasli bu yilga nisbatan ancha issiq bo‘lgan.

«May oylarida sovuq havo oqimlari respublika hududlariga chuqurroq kirib kelishida 2 km va undan baland tog‘liklarda havo harorati nol va undan pasayishi tabiiy. Agarda, havo harorati nol darajaga yaqinlashganda va bu payt havoda shamol tezligi va sovuq yog‘in birgalikda kuzatilsa, tog‘larga o‘tlagani chiqqan chorva mollari uchun albatta xavfli hisoblanadi», – deydi mutaxassis.

Erkin Abdulahatov hozirda iqlim o‘zgarishi bahor oylari juda ham tez isib ketishiga olib kelyapti degan fikrda. Tog‘larda esa isish pastga qaraganda tezroq. Bahor mavsumining aprel oyi O‘zbekistonda quruq va issiq kuzatildi.

«Natijada, bu issiqqa ishongan cho‘ponlar har qachongidan ertaroq tog‘larga chorva mollarini o‘tlagani olib chiqishdi. Aslida, oxirgi yillarda iqlimning isishi, qurg‘oqchilik omili tog‘ yaylovlari maydoni kamayishiga, endilikda o‘t-o‘simliklar, ko‘klamda ham tog‘larning yuqoriroq qismida yaxshi bo‘layotgani tufayli cho‘ponlar o‘z chorvasini yuqoriroq mintaqalarga haydab ketmoqda.

Uning ustiga aldamchi issiqqa ishongan cho‘ponlar mayda tuyoqli chorva mollari yungini har qachongidan ertaroq olib qo‘ymoqda. Bu to‘satdan kirib keluvchi sovuq havoda xavfli hisoblanadi. Malakali cho‘ponlar ham ko‘p bora qo‘ylarning yungini iyun oyiga qadar olmaslik kerakligini aytishgan», – deydi iqlimshunos.

Sovuqdan chorvani himoyalashning yo‘li bormi?

Chorva mollari parvarishi bo‘yicha asosiy maslahatlarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi berib borishi kerak. Ammo sovuq bo‘lishi prognoz qilingan kunlarda qo‘mita rasmiy sahifalarida biror ogohlantirish berilmagan.

Bekzod Yaxshiboyevning aytishicha, cho‘ponlar havo sovishi va chorvani asrash bo‘yicha hech qanday ogohlantirish olmagan.

«Bizning hududda bitta bank bor, xolos. Biror tashkilot ham yo‘q. Antenna zo‘rg‘a chiqadi. Cho‘ponlar yuradigan hududlarda aloqa chiqmaydi ham. Endi ogohlantirish berishgan bo‘lishlari mumkin. Biz eshitganimiz yo‘q», – deydi chorvador.

Erkin Abdulahatovning so‘zlariga ko‘ra, may va iyun oylari respublikaga sovuq havo oqimlari kirib kelishi va tog‘larda havo harorati +5 va undan pasayishi to‘g‘risidagi prognozlarga qarab, baland tog‘larda chorvachilik va asalarichilik sektoridagi tadbirkorlar sovuq va nam havoga qarshi choralarni ko‘rishi kerak.

«Chorva mollarini pastki qishloqlarga haydab tushish yoki qo‘ra, qo‘tonlarga qamash kerak. Yungi olingan chorva mollarini harakatlantirib turish kerak. Harakatlanish tana keskin sovib ketishining oldini oladi», – deydi u.

Chorvani sug‘urtalash

Bundan keyin tabiat injiqliklari ko‘paysa ko‘payadiki, kamaymaydi. Bunday vaziyatda har ehtimolga qarshi, chorvani sug‘urtalash zarar qilmaydi.

2019 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Aholi xonadonlarida va chorvachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, chorva hayvonlari «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyatining hududiy filiallari hamda boshqa sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta qilinadi. Sug‘urta shartnomasiga qoramollar, qo‘ylar, echkilar, otlar, tuyalar, cho‘chqalar, parrandalar va mo‘ynali hayvonlar uchun yong‘in, bo‘ron, dovul, sel, suv toshqini, yashin urishi, zilzila, qattiq sovuq tushishi natijasida muzlab qolishi, elektr toki urishi kabi qator holatlarda sug‘urtalash mumkinligi kiritilgan.

Chorva hayvonlarining sug‘urta qiymatiga nisbatan sug‘urta pulining eng yuqori miqdori qoramol, ot, tuya, cho‘chqa, qo‘y va echkilar uchun 80 foiz, mo‘ynali hayvonlar uchun 60 foiz, parranda, baliq va asalari uchun 50 foiz miqdorda belgilangan.

Top