Mart oyida kuzatilgan anomal yomg‘irlar va sovuq harorat mevali daraxtlar, ayniqsa, o‘rik guliga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Gidrometeorolog Erkin Abdulahatovga ko‘ra, oxirgi 70 yillikda daraxtlarning vegetatsiyaga kirish davrida mart oyida kuzatilganidek ko‘p yog‘in yog‘magan. Shu sabab dov-daraxtlarda zararlanish holatini baholash biroz qiyin va kechroq to‘liq ma’lumotlar olinadi.

Biz suhbatlashgan aksar bog‘bonlar bu yil xam o‘rikdan umid uzganini aytmoqda.

O‘tkirbek Mirzaobidov, bog‘bon. Farg‘ona, Oltiariq

– Oltiariqning qir-adirli joyida 15–16 yoshli 10 gektar o‘riklarimiz bor. Rossiya va o‘zimizning boshqa viloyatlarga chiqarardik. O‘rik rosa gullaganda yomg‘ir yog‘ishni boshladi va 1 hafta quyosh umuman ko‘rinmadi. O‘zi bu paytdagi yomg‘ir daraxt gullariga ziyon qiladi. Oldingi yillarda ham 1-2 kun yomg‘ir yog‘ib, o‘rik gullarining 10–20 foizini chiritib qo‘yardi. O‘rik guli tepaga qaragan bo‘ladi va gulining tagida meva, g‘o‘ra bo‘ladigan joyida kosacha bo‘ladi, shu joyiga suv kirib qolsa, chiqib ketmaydi. Gullar chirib qoladi. Gilos, qashg‘ar giloslarning guli yerga qaragan bo‘ladi va ularga suv kirmaydi. Yog‘ingarchilikda ular hali gullamagandi ham.

Yomg‘ir yog‘ib, mart oyida arilar umuman chiqmadi. Arilar chiqmagach changlash ham yo‘q. Hozir daraxtlar qorayib, gulini to‘kib yubordi. Yeyish uchun o‘rik qolganiga umid bor, lekin sotish uchun yo‘q. Kechki yoki tog‘ hududlaridagi o‘riklarning hali uyg‘onib ulgurmaganlari bor. Ular endi gullagan. Biz o‘rikdan ayrildik hisob. Bizning o‘riklarni sovuqqacha yomg‘ir chiritib bo‘lgandi, sovuqqa yetib bormadi. Shaftoli, giloslar yomg‘irdan keyin gulladi. Ularning mevasi yaxshi bo‘ladi. 10–25 sotixli 2-3ta uzum bog‘larimiz ham bor. Uzumlarimiz endi kurtak yozyapti. Ularni sovuq urmagan.

Bahodir Qayumov, bog‘bon. Qashqadaryo, Qarshi

– Bog‘imda 150 tup bodom va 50–60 tup o‘rik bor. Bodomlarimizning 10 foizini sovuq urdi, qolgani yaxshi. O‘zim har birini tekshirib qarab chiqdim. O‘rikning 70 foizini sovuq urib ketdi. Ancha erta gullagan va kech gullagan o‘riklarniki qoldi, aynan qor yog‘ganda gullab turgan o‘riklarning 90 foizdan ko‘pini sovuq urib ketdi. Qashqadaryoning boshqa joyini bilmadim-ku, lekin Qarshi shahrida shunday holat.

Mardonbek Akramov, mevachilik va ko‘chatchilik sohasi mutaxassisi

– Sovuq o‘rik guliga ta’sir qildi, yon-atrofimizda qolgan daraxtlarga unchalik ta’sir qilmadi. O‘rik guliniyam oq qandak navlarini sovuq urdi. Bodom guliniyam to‘liq deya olmayman-u, ayrim hududlarda sovuq urdi, ayrim joylarda yaxshi turibdi.