07:28 / 11.06.2022
6311

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi

Prezident qarori bilan yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratiladi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Davlat rahbari imzolagan hujjat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Bu haqda “Nigoh” kanali xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ular quyidagilar:

yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish;

yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish bo‘yicha davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;

yagona milliy va xalqaro indikatorlar hamda mezonlarga muvofiq zamonaviy texnologiyalar (laboratoriya, dronlar, masofadan zondlash va boshqalar)ni qo‘llash yo‘li bilan yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishi, yerlarni tiklash, rekultivatsiya va melioratsiya tadbirlari, yaylovlardan almashlab foydalanish, ularni saqlash va fitomelioratsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish, o‘rmonlar va ihotazorlar barpo qilish jarayonlari monitoringini yuritish;

yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini olib borishga mas’ul korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar uchun yerlar degradatsiyasi oldini olish va salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish va boshqalar.

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqaruv xodimlarining mavjud shtat birliklari doirasida vazirlik markaziy apparatida 12 ta shtat birligidan iborat Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari bo‘yicha departament va hududlarda 2 ta shtat birligidan iborat Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘limlari tashkil etiladi.

Top