O‘zbekiston | 22:10 / 16.06.2022
43016
4 daqiqa o‘qiladi

“Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga tish-tirnog‘i bilan yopishib olgan siyosatchi emas” - Sodiq Safoyev prezidentlik muddatlari nollashtirilishini aytdi

Agar yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, hamma qatori prezident Shavkat Mirziyoyevga ham saylovlarda qatnashish imkoni yaratib beriladi. Bu huquqdan foydalanadimi yoki yo‘qmi, u shaxsning o‘ziga va siyosiy partiyasiga havola. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

— Konstitutsiyaviy islohotlar haqida gap ketganda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik asosiy qomusga o‘zgartirishlar kiritishdan asosiy maqsad prezident vakolat muddatlarini uzaytirish ekani haqida gapirmoqda. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

— Oldingi savolingizga javob berayotganda men bugungi kunda Konstitutsiyani o‘zgartirishning ahamiyati va zaruriyatini asoslashga harakat qildim. Bu so‘zlarni qaytarib o‘tirmayman, men aminmanki, Konstitutsiyamizga o‘zgartirish kiritish vaqti keldi. Bunga hech kim shubha qilmaydi.

Shu bilan birga, ochiqchasiga buni aytaylik, yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u albatta barcha fuqarolar uchun, shu jumladan bugungi prezidentimiz uchun ham yangi konstitutsiya bo‘yicha saylovlarda ishtirok etishga imkoniyat yaratib beradi.

Prezidentimiz bu imkoniyat va huquqdan foydalanadimi, foydalanmaydimi, bu birinchi navbatda ushbu shaxsga havola. Bu shaxsni ko‘rsatadigan siyosiy partiyaga havola. Lekin bu haq-huquq u kishida bo‘ladi. Bu – xalqaro tajriba, yangi konstitutsiyami, yangi huquqiy makon yaratildi va bu yangilanadi.

Shaxsan, mening fikrimni so‘rasangiz, tajribadan kelib chiqib va xalqaro vaziyatni tahlil qilgan inson sifatida shuni aytishim kerakki, bugun biz bir nihoyatda tahlikali dunyoda yashayapmiz. Kundan kunga murakkablashib ketyapti. Shu jumladan bu mamlakatimiz uchun ham salbiy asoratlarini ko‘rsatmasdan iloji yo‘q. Lekin shunga qaramasdan biz islohotlarni davom ettirishimiz kerak. Men aminmanki, bu islohotlarni boshlagan insonda uni oxirigacha yetkazishga imkoniyat bo‘lishi kerak. Buni men kim bilan xohlasangiz va qayerda xohlasangiz bahs qilishim mumkin.

Biz hammamiz so‘nggi besh yilda shuni ko‘rdikki, davlat rahbari, prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qandaydir hokimiyatga tish-tirnog‘i bilan yopishib olgan siyosatchi emas. Ko‘rib turibmiz, u kishi el-yurt va vatan uchun xizmat qilishga bel bog‘lagan, o‘z umrini bag‘ishlagan inson. Ko‘rib turibmizki, xalqimizning og‘irini yengil qilish, birini ikki qilish, kelajagini ta’minlash uchun qanchalik harakat qilyapti.

Bu yerda xalqaro munosabatlarga oid ozgina bilimi bor inson sifatida bir narsani aytishim mumkinki, oxirgi besh yilda O‘zbekistonda ham ichki siyosat, ham tashqi siyosatda qilingan ishlar misolida dunyoda eng yirik davlatlar tomonidan yangi formatsiyadagi lider sifatida e’tirof etilgan – O‘zbekiston prezidenti ekanini hamma tan olmoqda. Bu – mamlakatimizning, xalqimizning katta yutug‘i va daldasi desak bo‘ladi, buni yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Bugungi tahlikali dunyoda aynan dunyo tomonidan e’tirof etilgan lider O‘zbekistonga yo‘lboshchi bo‘lishi bu xalqimiz uchun kerak.

Mana, pandemiya davrini oling, nihoyatda murakkab, og‘ir vaziyat, yirik va baquvvat davlatlarda inqiroz chuqur tus olganda, aynan O‘zbekistonda butun xalqni jipslashtirib, barcha qatlamlarni, nodavlat tashkilotlarni hukumat bilan birgalikda bir yoqadan bosh chiqarib, shu ofatdan olib chiqib ketilishida prezidentimizning roli katta bo‘lgan.

Yana bir bor aytmoqchiman, basharti yangi Konstitutsiya qabul qiladigan bo‘lsak, bu biz uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Islohotlarimiz va olib borilayotgan siyosatlarimiz davomiyligi va izchilligini ta’minlash biz uchun muhim masala. Bu esa prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning nomi bilan bog‘liq. U kishi qanday qaror qabul qiladilar, bilmayman, shaxsan men shu davomiylikni ta’minlashning tarafdoriman.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido

To‘liq intervyuni tez kunlarda Kun.uz sayti va uning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid