21:03 / 24.06.2022
21177

Toshkentda kovid-markazlar qayta ochilmoqda

Shahar hokimining qarori bilan, Toshkentda koronavirusni davolashga ixtisoslashgan maxsus poliklinikalar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilmoqda.

Foto: Kun.uz

Hokim qarorida respublikada “koronavirus tarqalishi bo‘yicha vaziyat keskinlashgani” yozilgan. Qayd etilishicha, poytaxt Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi kovid-markazlar masalasida hokimlikka murojaat bilan chiqqan.

Maxsus poliklinikalar har bir tumanda bittadan, o‘tgan yilning iyul oyi va joriy yilning yanvar oyidagi joylashuv manzillarida ish boshlaydi:

Tuman nomi

Muassasa nomi

1

Bektemir tumani

Bektemir tumani MKTP

2

Mirobod tumani

5-son ftiziatriya dispanseri

3

Uchtepa tumani

23-son oilaviy poliklinika “Birlik” filiali

4

Mirzo Ulug‘bek tumani

1-son ftiziatriya dispanseri

5

Yakkasaroy tumani

58-son oilaviy poliklinika

6

Sergeli tumani

11-son oilaviy poliklinika

7

Olmazor tumani

3-son ftiziatriya dispanseri

8

Chilonzor tumani

Shahar Ftiziatriya va pulmonologiya markazi

9

Yunusobod tumani

4-son ftiziatriya dispanseri

10

Shayxontohur tumani

42-son oilaviy poliklinika

11

Yashnobod tumani

2-son ftiziatriya dispanseri

12

Yangihayot tumani

Shahar teri-tanosil dispanseri

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev kecha, 23 iyun kuni so‘nggi bir hafta davomida koronavirusga chalinish dinamikasida “biroz ko‘tarilish” kuzatilayotganini aytdi.

Unga ko‘ra, 17 iyunda 90 ta, 18 iyunda 108 ta, 19 iyunda 93 ta, 20 iyunda 87 ta, 21 iyunda 82 ta, 22 iyunda 98ta kasallanish holati qayd etilgan. 23 iyunda esa 94 kishida koronavirus aniqlandi.

Yusupaliyevga ko‘ra, koronavirusning eng yuqumli varianti ekani aytilayotgan “Stealth-Omicron” BA.2 O‘zbekistonga ham kirib kelgan. Ilg‘or texnologiyalar markazida o‘tkazilgan tahlillarda koronavirus yuqtirish holatlarining 67 foizida “omikron”, 33 foizida shu shtammning “Stealth-Omicron” BA.2 varianti topilgan.

“Bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqarorligi ta’minlanib kelinmoqda. Lekin o‘tgan ikki yil davomida aynan iyul-avgust oylarida kasallanish ko‘tarilganligi qayd etilgan. Shuning uchun koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash va buster dozasi bilan qayta emlash ishlarini jadallashtirish katta ahamiyatga ega”, dedi SanEpid xizmati boshlig‘i.

  • 23 iyun holatidagi rasmiy raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlashda qo‘llanilgan jami vaksinalar soni 57,7 million dozadan oshgan. Ulardan 1-bosqich emlanganlar 20 550 541 nafarni, 2-bosqichda emlanganlar 16 856 230 nafarni, 3-bosqich va buster doza bilan emlanganlar 20 355 55 nafarni tashkil qiladi.
  • 12-18 yoshdagi emlanuvchilar uchun jami 1 587 480 doza vaksinadan foydalanilgan. Ulardan 1-bosqich emlanganlar 863 351 nafarni, 2-bosqichda emlanganlar 675 766 nafarni, 3-bosqich va buster doza bilan emlanganlar 48 363 nafarni tashkil qilmoqda.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top