20:57 / 27.06.2022
227556

$100 ming topsangiz, kamida $50 ming sof foyda - interer dizayn biznesi

Bu sohada hatto talabalar ham 6-7 million oylik olishyapti. Asosiy xarajat sarflangan vaqt ekani hisobiga, topilgan daromadning yarmi biznesmenning cho‘ntagida qoladi. Qurilishlar “poygasi” ketayotgan O‘zbekistonda bu xizmatga talab to‘xtovsiz o‘sishi ham aniq. Business Class'ning yangi soni qahramonlari – o‘z studiyasini ochgan yosh arxitektorlar.

Aka-uka Asqar va Anvar Xidirovlar 10 yildan beri interer dizayn sohasida. Ular Insydrium (Inside the room – “xonaning ichida”) nomli o‘z dizaynerlik studiyalariga asos solgan.

“Ukam bilan yoshimiz deyarli teng, bolalikdan yozish-chizishga juda qiziqardik. 5-6-sinfda ilk marta kompyuterdan foydalangan bo‘lsak, keyinchalik turli o‘yinlar yaratib ko‘rdik, unga ataylab virus tushirib qo‘ygan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Mana shunday o‘yinlar qanday, kim tomonidan chiziladi, degan savollar ong ostimizga jo bo‘lgandi.

Bolalik yillari o‘tgach, kasb tanlash masalasi ko‘ndalang turardi. Akam ijtimoiy fanlar sohasida o‘qirdi. Ammo menga tarixiyam, huquqiyam yoqmasdi. Kasb tanlashimga arxitektor qo‘shnimiz sabab bo‘lgan desam ham bo‘ladi. Negaki, ularning hayot tarzida o‘zimni ko‘rgandek bo‘lardim. Shunday qilib, 2011 yilda arxitektura yo‘nalishiga birinchi yili o‘qishga kirib ketdim.

1-kursligimizda sohamizga doir juda kam ta’lim berishgani ko‘nglimni xira qilgan. Shunda 2-kursdan boshlab do‘stlarim bilan 3D Max, AutoCAD dasturlarini mustaqil o‘rgana boshlashga qaror qildik. O‘qishni bitirgach, to‘plagan tajribam sabab Murad Buildings kompaniyasiga ishga joylashdim.

3 yil vaqt o‘tgach, o‘zimda ham biznes boshlash xohishi paydo bo‘ldi. Ma’lum bir korxonada xodim bo‘lib ishlash va mustaqil biznes boshlash o‘rtasida katta farq borligini o‘shanda anglab yetdim. Ukam bilan shok holatiga tushib qolgandik. Ko‘plab xatolardan keyin rasman 2019 yilda o‘z biznesimiz – Insydrium'ga asos soldik”, deydi Asqar Xidirov.

Jizzaxda bino qulab tushdi…

2021 yil 10 yanvar kuni Jizzax shahridagi hali qurilishi tugamagan 6 qavatli bino qulab tushgan edi. E’tiborlisi, qahramonlarimiz shu kuni ertalab aynan o‘sha binoda bo‘lishgan.

“Jizzaxga ota-onamizni ko‘rishga borgandik. O‘shanda bir bino egasi ikkita xona borligi, uning birinchisini dizayn qilib berishimizni so‘radi, ikkinchisini esa agar zarurat bo‘lsa qo‘shib yuborishni aytgan. Xona dizaynini tugatdik. U kishi ikkinchi xonani qilish shart emasligini aytdi, biz ham hech qanday gap-so‘zlarsiz ko‘ndik.

Toshkentga qaytish chog‘i aynan biz dizayni bilan shug‘ullangan bino qulab tushgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Agar biz ikkinchi xona dizaynini boshlaganimizda, bilmayman, nima bo‘lardi. Bir o‘limdan qolganmiz…”

Insydrium qanday xizmatlarni taklif qiladi?

Kompaniya asosan ichki dizayn intereri bilan shug‘ullanadi. Qo‘shimcha ravishda xona ta’miri, mebel, texnika va pardalar bilan bog‘liq xizmatlarni ham taklif etadi.

“Xona dizaynini chiroyli chizib bersak-da, ustalar aybi bilan xohlagandek natija bo‘lmasligi mumkin. Qo‘shimcha xizmatlar taklif qilishdan maqsad ham shu”.

“Hozir qurilish sohasiga katta investitsiya kiritilyapti”

Biznes sifatida qaraladigan bo‘lsa, bu soha o‘rtacha daromad keltiradi, faqat pul uchun emas, sohaga qiziqib boshlash kerak, deydi suhbatdoshlarimiz. Ularning aytishicha, jamoani yaxshi tuzish ham muhim.

“Qurilish sohasiga katta investitsiya kiritilyapti va agar professional tarzda ishlansa, bozor o‘zi tortib ketaveradi. Hozirda B2C, B2B, B2G shakllarida  ishlash imkoniyati sohaning naqadar kengligini ko‘rsatib turibdi”.

Business Class loyihasining asosiy e’tibor qaratadigan jihatlari – bu biznesdagi raqamlardir. Boshlab olish uchun qancha sarmoya ketadi, xarajatlar va albatta, bu biznesdan qancha daromad ko‘rish mumkin degan barcha savollarga javob olishga urindik.

YouTube'da videoni to‘liq tomosha qiling va izoh qoldiring. Eng qiziqarli va kreativ izoh egasi deb topilgan 1 kishiga zamonaviy, qimmatbaho lampa taqdim etiladi. Konkursda 2022 yil 27 iyulgacha yozilgan izohlar ishtirok etadi.

Business Class biznesni ichkaridan ko‘rsatishda davom etadi. Bizni kuzatib boring, bir-biridan qiziq kompaniyalar hali oldinda.

Ijodiy jamoa:
Eldor Abdulvohid
Nuriddin Nursaidov
Abzal Tillaxo‘jayev
Ibrohim Samatov
Afzalbek Muhammadjonov

6 oy davomida “Business Class” promokodi orqali buyurtma bersangiz, Insydrium xizmatlaridan 20 foiz chegirmani qo‘lga kiritasiz.

Buyurtma berish

Insydrium bilan aloqa:

+998 99 494 44 54

Top