23:58 / 02.07.2022
33963
Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat e’lon qilindi

Favqulodda holat 1 oy davom etadi va bu davrda soat 21:00 dan 7:00 gacha komendantlik soati amal qiladi.

Prezident farmoni bilan fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 3 iyul soat 00:01 dan 2 avgust soat 00:00 gacha favqulodda holat joriy etildi.

Favqulodda holat davrida soat 21:00 dan 7:00 gacha komendantlik soati amal qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining komendaturasi tashkil etilib, unga “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunida nazarda tutilgan barcha vakolatlar berildi. Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev Qoraqalpog‘iston komendanti etib tayinlandi.

Favqulodda holat davrida quyidagi choralar va vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatiladi:

  • jamoat tartibini, o‘ta muhim va toifalangan obektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obektlarini muhofaza qilish kuchaytiriladi;
  • Qoraqalpog‘iston hududida harakatlanish erkinligi cheklanadi, shu jumladan transport vositalari uchun ham;
  • fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilishi, ularning shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, ulardagi ashyolar va transport vositalari ko‘zdan kechirilishi ta’minlanadi;
  • Qoraqalpog‘iston hududiga kirish va undan chiqish cheklanadi;
  • tinch yig‘ilishlar, ko‘ngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishi taqiqlanadi;
  • yuridik shaxslar faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatishga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday harakatlar taqiqlanadi;
  • qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalar sotilishi taqiqlanadi;
  • dori va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasining alohida tartibi joriy etiladi;
  • jismoniy shaxslardan qurol va o‘q-dorilar, zaharli moddalar, yuridik shaxslardan esa qurol, o‘q-dorilar va zaharli moddalar bilan bir qatorda harbiy va o‘quv-harbiy texnika, portlovchi va radiaktiv moddalar vaqtinchalik olib qo‘yiladi.

Fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i uchun aniq tahdid, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga hujum qilish, ularning qurol va texnikasini egallab olish holatlarini inobatga olib hamda "Favqulodda holat to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonunning 23-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari qo‘shimcha ravishda jalb qilinadi. Vazirlik kuchlarining vazifalari aniq belgilab berildi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga favqulodda holat davrida o‘rnatilgan chora va vaqtinchalik cheklovlarning amalga oshirilishida qonuniylikka rioya etilishini ta’minlash yuklatildi.

Farmon Oliy Majlis palatalariga tasdiqlash uchun yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, Nukus shahrida 1 iyul kuni ommaviy miting bo‘lib o‘tgandi. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, bunga ayrim fuqarolar konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilgani sabab bo‘lgan.

Shu kuni oqshomda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusda jamoat tartibi tiklangani, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasligi va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston parlamenti, hukumati va Ichki ishlar vazirligi qo‘shma bayonot chiqarib, 1 iyul kuni bir guruh shaxslar fuqarolarni Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy binolari oldiga yig‘ib, bu binolarni egallab olishga uringanini ta’kidladi.

Qoraqalpoq rasmiylariga ko‘ra, ular “populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyatsiya qilgan”.

Huquqni muhofaza qilish organlari ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qo‘ygan. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilarining bir guruhi hamda organlar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan shaxslar qo‘lga olingan.

2 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusga borib, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari va faollari bilan uchrashdi hamda Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga oid moddalarini o‘zgartirmaslik kerakligini aytdi.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top