19:08 / 13.07.2022
26315

«Chelsi» kutilmaganda super jamoa tuzishi mumkin. Yulduzlarning o‘zi London klubiga intilmoqda

Rahim Sterling so‘nggi qimmat transfer emas. Agar rejalar ideal darajada amalga oshsa, ko‘klar tarkibi «Manchester Siti»nikidan qolishmaydigan bo‘ladi.

Foto: Getty Images

«Chelsi» Premer-Liganing o‘tgan mavsumini «Manchester Siti» va «Liverpul»dan mos ravishda 19 va 18 ochko ortda qolib, uchinchi o‘rinda yakunladi. Minimal vazifa bajarilsa-da, yetakchilar bilan oraliq masofa juda katta bo‘lib chiqdi.

«Ko‘klar»ning yangi xo‘jayini Todd Bouli o‘z klubining chempionlik uchun kurashishini istamoqda. Buning uchun mavsum oralig‘ida transferlarni to‘g‘ri amalga oshirish kerak bo‘ladi.

«Chelsi» tom ma’noda superjamoa tuza oladi deb ishonishga asos bor. Yevropa futbol yulduzlarining ba’zilari London klubi tarkibiga o‘tishni istayapti. Agar rejalar ideal darajada amalga oshsa, ko‘klar tarkibi «Manchester Siti»nikidan qolishmaydigan bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Rahim Sterling birinchi katta xarid, ammo so‘nggisi emas

«Manchester Siti» vingeri Rahim Sterling «Chelsi»da tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Angliyalik futbolchi klub bilan 2027 yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan shartnomani kelishib oldi. «Chelsi» futbolchi uchun 47,5 million funt plyus 2,5 million funt bonus to‘laydi. Shu bilan birga, Sterling ko‘klarning eng ko‘p maosh oluvchi a’zosiga aylanadi va Premer-Ligada maoshlar bo‘yicha yuqori uchtalikka kiradi. Angliyalik futbolchi haftasiga 300 ming funt sterlingdan ko‘proq pul olishi kutilmoqda.

BBC xabariga ko‘ra, Rahim «ko‘klar» bosh murabbiyi Tomas Tuxelning g‘oyalari va unga taklif qilingan roldan mamnun bo‘lgan. «Shaharliklar» uning qolishini xohlagan edilar, biroq futbolchi jamoada asosiy rol o‘ynashni istadi va «Siti»ni tark etdi. Sterling «Oltin to‘p»ni olishni maqsad qilgani aytilmoqda.

«Oltin to‘p»ga da’vo hozircha amalga oshmasdek tuyulmoqda, ammo bu yilgi Karim Benzema misolida imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini ko‘rish mumkin. Sterling endigina 27 yoshda. «Siti»ni tark etish unga karerasini yangi bosqichga olib chiqishga imkon beradi. Tuxel, albatta, unga Xosep Gvardioladan ko‘ra ko‘proq ishonch bildiradi. Har qanday holatda Sterlingning transferi «Chelsi» ulkan rejalarining bir qismi xolos.

Foto: Getty Images

«Chelsi» himoyasini sifatli kuchaytiradi

«Manchester Siti» himoyachisi Natan Ake «Chelsi» bilan kelishuvga erishdi. Futbolchi 2017 yilda tark etgan jamoasiga qaytishga tayyor. «Siti» 40-45 million funt tovon puli talab qilmoqda, bu esa londonliklar uchun muammo bo‘lmasligi kerak. The Times xabariga ko‘ra, klublar muzokaralarning ilg‘or bosqichida, so‘nggi kunlarda bu jarayon tezlashgan.

Ake «Chelsi»ning yangilangan himoya chizig‘idagi asosiy futbolchilardan biri bo‘ladi. Andreas Kristensen va Antonio Ryudiger mos ravishda «Barselona» va «Real Madrid»ga ketishdi. Katta ehtimol bilan Sezar Aspilikuyeta va Markos Alonso ham yaqin orada «Barselona»ga o‘tishi mumkin.

Himoya - «Chelsi»ning eng og‘riqli joyi. «Real» bilan Chempionlar ligasining chorakfinalida bolalarcha xatolarga yo‘l qo‘yildi (ayniqsa, Londondagi 1:3 hisobida yakunlangan o‘yinda). Tuxel jamoasi futbol maydonida umumiy ustunlikka erishgan bo‘lsa-da, xatolar tufayli keyingi bosqichga chiqolmadi. APL doirasidagi «Arsenal» (2:4) bilan uy o‘yinini ham eslash mumkin. «Siti» va «Liverpul» himoyada ancha samaraliroq, «Chelsi» esa bu chiziqni qayta qurishi kerak. Buni klubdagilar tushunib turishibdi.

«Barselona» bilan Aspilikuyeta va Alonso borasidagi muzokaralar jarayonida tovon puli kamaytirilishi mumkin. Sababsiz emas. «Chelsi» bir nechta sifatli himoyachilarni sotib olishni, shu jumladan, «Barsa»ning asosiy maqsadi bo‘lib turgan Jyul Kundeni ilib ketishni rejalashtirmoqda.

AS xabariga ko‘ra, «Sevilya» himoyachisi «Barselona»ga o‘tish borasida ikkilanib qolgan. Unga Kataloniya klubidagi noaniq iqtisodiy vaziyat yoqmayapti. Bunda o‘ziga xos «almashinuv» bo‘lishi ham mumkin. «Chelsi» kataloniyaliklarga Aspilikuyeta bilan Alonsoni beradi va buning evaziga Kunde transferida raqobatchi kamayadi.

Matteys de Ligt «Chelsi»ning yana bir maqsadi, ammo «Yuventus» himoyachisi «Bavariya»ga o‘tishga intilmoqda. Ehtimol, bu yaxshidir. Gollandiyalik uchun taxminan 75 million yevro va yana bonuslarni to‘lash kerak bo‘ladi. Albatta bu juda qimmat. «Chelsi» «Bavariya»dan Dayo Upamekano yoki Benjamin Pavarni olishga tayyor. Ikkala futbolchining narxi de Ligtdan arzonroq bo‘ladi, nazariy jihatdan esa ular Matteysdan ham foydaliroq bo‘lishga qodir.

Myunxenliklar Upamekano bilan xayrlashmoqchi emas. Agar de Ligt «Bavariya»ga o‘tsa, «Chelsi» darhol Pavar uchun muzokara boshlashi mumkin.

Foto: Getty Images

Krishtianu Ronaldu «Chelsi»ga o‘tadimi?

O‘tgan mavsumda «Chelsi»da birinchi darajali yulduzlar yetishmadi. Bir yil avval «Inter»dan 97,5 million funt evaziga olingan Romelu Lukaku bu maqomga mos kelmadi. Ingliz nashrlari bu transferni «ko‘klar» tarixidagi eng yomoni deb atadi.

«Chelsi»ning yangi xo‘jayini Todd Bouli klubga kelganidan so‘ng, Tuxel jamoaning asosiy boyligi ekanini bildirdi. Murabbiyga juda katta ishonch bildirilmoqda.

Bouli «Liverpul» va «Manchester Siti»dan o‘rnak olmoqchi, shubhasiz, u yerda Yurgen Klopp va Xosep Gvardiola transfer siyosatiga katta ta’sir o‘tkazadi. Aftidan, bu holat yulduzlar nazarida «Chelsi»ning jozibadorligini tezda oshirib yuborgan. Kamida uch nafar yuqori darajadagi o‘yinchi Londonga ko‘chib o‘tishga tayyor.

The Athletic xabariga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu «Chelsi»ga o‘tishga juda qiziqmoqda. Portugaliyalikning agenti Jorjye Mendesh doimiy ravishda Bouli bilan aloqada bo‘lib turibdi. Toddga Ronaldu kabi muhim o‘yinchini taklif qilish imkoniyati yoqadi, garchi u faoliyatining so‘nggi bosqichida bo‘lsa ham. To‘g‘ri, «Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi Erik ten Hag allaqachon portugaliyalikning qolishini aytgan. Ammo Krishning o‘zi gollandiyalikning so‘zlarini tasdiqlashga shoshilmayapti.

Ushbu transferni amalga oshirishda muammo bo‘lmaydi. Hal qiluvchi so‘zni Tuxel aytishi kerak. Nemis mutaxassisi allaqachon Neymarning transferini bloklab qo‘ygan, chunki uni o‘z jamoasiga mos emas deb hisoblaydi. Ronaldu bo‘yicha esa o‘ylamoqda. Tuxel Krishtianuning azaliy muxlisi. Yaqin orada ular suhbatlashib, hujumchi «Chelsi»ning o‘yin uslubiga mos kela oladimi degan savolga javob berishadi. Tomas, ba’zi ekspertlarning fikricha, Ule-Gunnar Sulsher bilan bog‘liq vaziyat takrorlanishidan qo‘rqadi. U Krishtianuni jamoaga moslashtira olmagani tufayli vujudga kelgan qoniqarsiz natijalar sababli ishdan olingan edi.

«Lids» yarimhimoyachisi Rafinya «Barselona»ni tanladi, «Chelsi» ham u bilan qiziqqan edi. Endi londonliklar bor e’tiborini Krishtianuga qaratishi mumkin. Shuningdek, «Bavariya» vingeri Serj Gnabri ham e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Agar Hakim Ziyosh «Milan»ga ketsa, uning transferi amalga oshirilishi mumkin.

Insayder Janluka Di Marsioning ta’kidlashicha, Ronaldu yo «Chelsi»ga yo MLS klublaridan biriga o‘tadi. «PSJ» uni sotib olmaydi, chunki ularda Lionel Messi, Neymar va Kilian Mbappe bor. A Seriyaga qaytishi imkonsiz. «Barselona» Rafinyani oldi va «Bavariya» bilan Robert Levandovski borasida ham kelishib olmoqchi. Ammo bu oson bo‘lmaydi.

Foto: Getty Images

Levandovski transferi ehtimoli qanchalik yuqori?

Bild jurnalisti Kristian Falk so‘zlariga ko‘ra, Myunxenni tark etishni juda xohlayotgan Levandovski «Barselona» yoki «Chelsi»ga o‘tishni afzal ko‘radi. Parijliklar kurashga qo‘shilish niyatida bo‘lsa-da, unga «PSJ» qiziq emas.

Robert kataloniyaliklar variantini ustuvor deb hisoblaydi, ammo baribir «Bavariya» va «Barselona» kelishuvga erishmaslik ehtimoli borligini tan oladi. Bunday holda, u «Chelsi»da bo‘lishni xohlaydi.

Yakuniy qaror «Bavariya»da. Myunxenliklar uni 50-60 mln yevro evaziga «Chelsi»ga berib yuborishi mumkin.

Foto: Getty Images

«Chelsi» «Barselona»ning asosiy transferi muammosini hal qiladimi?

«Chelsi» yozning eng katta transferlaridan birini hal qilishi mumkin. Gap «Barselona» istagan, ammo «Manchester Yunayted»ga sota olmagan Frenki de Yong haqida ketmoqda.

Kataloniya klubiga oid yangiliklarga ixtisoslashgan Diario Sport nashri xabariga ko‘ra, Frenki «Manchester Yunayted»ga o‘tishga qarshi. Bu variant bir qator sabablarga ko‘ra unga mutlaqo yoqimsiz ko‘rinmoqda. Ular orasida – Chempionlar ligasini o‘tkazib yuborishi, Aleks Fergyuson bosh murabbiylikdan ketganidan keyin yuzaga kelgan ko‘plab muammolar, Manchesterdagi noqulay ob-havo kabilar bor.

De Yong «Barselona»da qolishga qarshi emas. Ammo yarimhimoyachiga «ko‘k-anorranglilar» va «Manchester Yunayted» o‘rtasidagi muzokaralar uning orqasida bo‘lib o‘tgani yoqmayapti, umuman olganda, klub «Manchester Siti»dan Bernardu Silvani olish uchun uni sotishga qat’iy tayyorligidan norozi. Shu bilan birga, de Yong «Manchester Yunayted»ga qaraganda «Chelsi»ga o‘tishni juda yaxshi variant deb hisoblaydi. O‘z navbatida, londonliklar «Barsa» yarimhimoyachisiga qiziqish bildirmoqda va «Manchester Yunayted» taklifiga mos ravishda o‘z so‘zini aytishi mumkin.

Yakun

Rahim Sterling, Krishtianu Ronaldu, Natan Ake, Jyul Kunde, Serj Gnabri, Benjamin Pavar (va/yoki Dayo Upamekano), Robert Levandovski, Frenki de Yong - «Chelsi»ning potensial xaridlari ro‘yxati. Hammasini birdaniga olish dargumon, lekin besh yoki oltitasi juda real. Bu Tuxel jamoasi uchun «Manchester Siti» va «Liverpul» bilan Premer-Liga chempionligi uchun kurashda ideal tarkib sifatida qaralishi mumkin.

Mavzuga oid
Top