20:35 / 15.07.2022
25114

Putin Rogozinni «Roskosmos» rahbarligidan bo‘shatdi

Foto: YEVGENY BIYATOV/ALEXANDER RYUMIN/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Dmitriy Rogozinni «Roskosmos» rahbari lavozimidan bo‘shatdi, uning o‘rnini bosh vazir o‘rinbosarligini tark etgan Yuriy Borisov egallaydi. Avvalroq Rossiya nashrlari ushbu rokirovkani taxmin qilgandi. Rogozin qayerga tayinlanishi hozircha aniq emas, ammo OAV u Putinning suyuklilaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidlamoqda.

Juma kuni Davlat dumasi rejadan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi. Deputatlar, jumladan, sanoat vaziri Denis Manturovning bosh vazir o‘rinbosarligiga tayinlanishini ma’qullash uchun parlament ta’tillaridan chaqirib olindi.

Dumada ovoz berish yakunlanishi bilanoq Putin Manturovni tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Boshqa farmon bilan bosh vazir o‘rinbosari Borisovni ishdan bo‘shatdi. Yana bir farmon bilan esa Borisov «Roskosmos» davlat korporatsiyasi bosh direktori etib tayinlandi.

Rogozin nima bilan shug‘ullanishi hozircha ma’lum qilinmadi. Avvalroq «Meduza» nashri u yaqin kunlarda Kremlga ishga o‘tishini yozgandi – garchi prezident ma’muriyatida unga tegadigan lavozim muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da. 

Kutilgan o‘zgarish

Borisov bosh vazir lavozimini tark etishi haqida 12 iyul kuni birdaniga uch nashr - RBK, «Kommersant» va «Vedomosti» xabar qilgandi. Ular Borisov Rogozin o‘rniga ishga tayinlanishini yozgandi.

65 yoshli Borisov 58 yoshli Rogozinning o‘rnini ketma-ket ikkinchi marta egallamoqda. 

U 2018 yil may oyida «Roskosmos» va harbiy-sanoat majmuasini nazorat qiluvchi bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Borisov bunga qadar mudofaa vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, undan ham oldin esa hukumat huzuridagi harbiy-sanoat komissiyasiga rahbarlik qilgandi.

O‘shanda Rogozin «Roskosmos»ga rahbar bo‘lib, Borisovga bosh vazir o‘rinbosarligini bergandi. U bu lavozimda tvitter sahifasida keskin bayonotlar berishi bilan yodda qoldi.

Rogozin o‘z kosmik dasturini yo‘lga qo‘ygan amerikalik biznesmen Ilon Mask bilan bir necha marta tortishgandi. 

Rossiyaning boshqa rahbarlari kabi uning iddaolari Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin keskinlashdi. 12 aprel kuni Rogozin XKS kosmonavtlariga Yevropaning ERA manipulyatori bilan ishlashni to‘xtatishni buyurdi.

«Prezident uni yaxshi ko‘radi»

«Meduza» o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Rogozin Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin tan olingan Donbassdagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikaning Kremldagi kuratorlaridan biri bo‘lishi mumkin. U holda Rogozin prezident yordamchisi yoki hozirda Dmitriy Kozak egallab turgan prezident ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari lavozimini olishi mumkin.

Hozirda Ukrainaning bosib olingan qismlariga prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko muntazam ravishda bormoqda. Kozak 24 fevraldan keyin soyaga o‘tdi – u Putinning g‘azabiga yo‘liqqani taxmin qilinadi.

«Meduza» manbalari Rogozin «prezidentning suyuklilaridan biri» ekanligini ta’kidlamoqda. «Prezident uni anchadan buyon yaxshi ko‘radi», - dedi manbalardan biri.

Putin 12 aprelda kosmonavtika kunida Rogozin va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan birga Vostochniy kosmodromiga tashrif buyurgandi. O‘shanda asosiy mavzulardan biri Ukrainadagi urush bo‘lgandi.

«Kommersant»ning ma’lumot berishicha, Borisov ketganidan so‘ng butun sanoat, jumladan, mudofaa bloki ishi bo‘yicha mas’uliyat 53 yoshli Manturovning zimmasiga yuklanadi.

Avvalroq Putin harbiy-sanoat majmuasi korxonalarini harbiy ehtiyojlar uchun davlat mudofaa buyurtmalarini bajarish va qo‘shimcha ishlashga majbur qilish imkonini beruvchi qonunni imzolagandi. Qonun Rossiya armiyasining Ukraina sharqida depsinib qolishi fonida qabul qilindi.

Mavzuga oid
Top