Jahon | 09:15 / 02.09.2023
13250
3 daqiqa o‘qiladi

«Roskosmos»: «Sarmat» kompleksi jangovar navbatchilikka qo‘yildi

TASS xabariga ko‘ra, «Roskosmos» taqdimotidan ma’lum bo‘lishicha, kompleksni jangovar navbatchilikka o‘tkazish 2024 yilga mo‘ljallangan.

Foto: Cover-Images/IMAGO

«Sarmat» strategik raketa majmuasi jangovar navbatchilikka o‘tkazildi, dedi «Roskosmos» davlat korporatsiyasi bosh direktori Yuriy Borisov «Podelis svoim znaniyem» marafonida, deb xabar beryapti «Interfaks» 1 sentabr, juma kuni. Shu bilan birga, TASS agentligi ta’kidlashicha, «Roskosmos» taqdimotiga ko‘ra, majmua 2024 yilda jangovar navbatchilikka qo‘yilishi mo‘ljallangan.

«Sarmat» sinovlari tarixi 

«Sarmat» - qit’alararo ballistik raketaga (QBR) ega kompleks bo‘lib, katta kuchga ega yadroviy va gipertovushli o‘q-dorilarni tashishga qodir. Raketaning e’lon qilingan start og‘irligi 200 tonnadan oshadi, masofasi 18 ming kilometrni tashkil qiladi. «Sarmat» sovet ittifoqining masofasi 11 000 kilometr bo‘lgan «Voyevoda» tizimini (NATO tasnifiga ko‘ra - SS-18 «Satana») Rossiya arsenalidagi eng kuchli strategik raketa bilan almashtiradi.

«Sarmat» majmuasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan 2018 yilda Federal majlisga yo‘llagan murojaatida taqdim etilgan. Putinning ta’kidlashicha, uzoq parvoz masofasi «Sarmat»ga ko‘p sonli yadroviy qurolni olib yurish, shuningdek, «Shimoliy va Janubiy qutblar ustidan uchib, dunyoning istalgan nuqtasidagi nishonlarga zarba berish imkonini yaratadi». Kompyuter taqdimoti videosida raketa Shimoliy qutb orqali Shimoliy Amerika tomon uchgan. 

Ayni paytda, axborotga qaraganda, «Sarmat» atigi bir marta muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan. 2022 yil aprel oyining oxirida, Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlari boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya Mudofaa vazirligi Arxangelsk viloyatidagi Plesetsk kosmodromidan «Sarmat» QBR muvaffaqiyatli uchirilganini e’lon qildi. Joriy yil fevral oyida AQSh prezidenti Jo Bayden urushning bir yilligi munosabati bilan Kiyevga tashrif buyurgan kuni Rossiya «Sarmat»ni muvaffaqiyatsiz uchirgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Amerikaning CNN telekanali manbalarga tayanib xabar berdi. 

Mavzuga oid