20:52 / 15.07.2022
18009
YI Rossiyaga qarshi sanksiyalarning «oltin paketi»ni tayyorlamoqda

Yevroittifoq Ukrainadagi urush sababli Rossiyaga qarshi sanksiyalarning navbatdagi paketini tayyorlamoqda. Yettinchi paketda Rossiya oltini importi taqiqlanadi. Bundan tashqari, Yevroittifoq sanksiyalarni aylanib o‘tuvchi yo‘llarni yopadi va Rossiya oziq-ovqati importiga istisnolarni aniqroq bayon etadi. 

Foto: Reuters

«Rossiya Ukrainaga qarshi shafqatsiz urushni davom ettirmoqda va shu bois bugun Kremlga qarshi yangi sanksiyalar kiritish, amaldagilarining bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish va ularni 2023 yil yanvargacha uzaytirishni taklif qilamiz. Tajovuzkorlik Moskvaga qimmatga tushishi shart», dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.

YeI mamlakatlari elchilari «oltin paket »ni tasdiqlash uchun yanagi hafta – yozgi ta’tillar oldidan oxirgi ish haftasida yig‘iladi.

Yangi paket avvalgilariga nisbatan kamtarroq. Reuters agentligining  Yevrokomissiyadagi manbalaridan biri uni hatto yettinchi emas, «olti yariminchi» paket deb atadi.

Vengriyaning qaysarligi sababli avvalgi «neft paketi» bo‘yicha darhol kelishish imkoni bo‘lmagandi. Natijada neft embargosi qisman bo‘ldi va bir necha oylarga ortga surildi. 

Vengriya tinchlanmadi – juma kuni ushbu mamlakat bosh vaziri Viktor Orban mahalliy radioda sanksiyalardan shikoyat qildi. 

«Sanksiyalar Ukrainaga yordam bermayapti, Yevropa iqtisodiyotiga zarar keltiryapti va agar shunday davom etadigan bo‘lsa, sanksiyalar uni ado qiladi. Bunga toqat qilib bo‘lmaydi», deya Orbandan iqtibos keltiradi Reuters.

Energetika masalalari bo‘yicha yevrokomissar Marosh Shefchovich esa YeI chiday olishiga ishonmoqda. 

«Men ittifoqqa a’zo mamlakatlarning bunday birdamligini hech qachon ko‘rmaganman. Mayli, bizga qiyin bo‘lsin, ammo biz to‘xtab qolmaymiz, chunki hozir o‘z erki uchun kurashayotgan ukrainlarga qiyinroq», dedi u.

Keskinlashtirish va yumshatishlar

Sanksiyalarning yettinchi paketida oltin importiga taqiq bilan birga, YeI ukrainlarni o‘ldirish, yo‘q qilish va ularning mamlakatini egallab olishda Vladimir Putinning sheriklari deb hisoblaydigan shaxslar ro‘yxati kengaytiriladi. 

Foto: Reuters

Bundan tashqari, YeI Rossiyaga qurilmalar va neft-kimyo mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha taqiqlarni kuchaytiradi, Rossiya savdo flotiga qarshi sanksiyalarga oid istisnolarga esa aniqlik kiritiladi, deb xabar berdi Yevrokomissiya.

Rossiya va Afrikaning ayrim mamlakatlari G‘arbni sanksiyalar tufayli dunyodagi oziq-ovqat inqirozini kuchaytirishda ayblamoqda. YeI bu ayblovni inkor etmoqda va Rossiya kemalarining Yevropa portlariga kirishiga qo‘yilgan taqiq g‘alla va oziq-ovqatga nisbatan tatbiq etilmaganini ta’kidlamoqda. Ammo ayrim treyderlar Rossiyaning sanksiyalar ostiga tushgan davlat kompaniyalariga affillangan yuk tashuvchilarning yuklarini qabul qilishdan bosh tortmoqda va endi YeI ularga ruxsat beradi.

Shu bilan birga, avvalgi embargoni chetlab o‘tishga yo‘l qo‘ymaslik uchun tanker flotiga qo‘yilgan sanksiyalar kuchaytiriladi. Ilgari yuklar portga kirmasdan, dengizning o‘zida yuklanayotgandi. 

Rossiyaga ma’lumotlarni bulutli saqlash xizmati ko‘rsatishni taqiqlash yettinchi paketga kiritilmaydi, chunki YeI buni mazkur sohaning barcha gigantlari joylashgan Buyuk Britaniya va AQSh bilan muvofiqlashtirmoqchi.

G‘arb Kremlga nisbatan sanksiyaviy bosimni 2014 yildan – Rossiya Qrimni bosib olganidan va Donbassda qurolli mojaroni tashkillashtirganidan buyon muvofiqlashtirishga harakat qilmoqda. Fevraldagi voqealardan so‘ng rivojlangan demokratik dunyo Kremlning moliyaviy qudratini izdan chiqarish uchun iqtisodiy hujumga o‘tdi. 

Yevropa bundan ortda qoldi – uning aksariyat ittifoqchilari Rossiya bilan aloqalarni qat’iy uzmoqda.

AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Kanada Rossiya oltinini xarid qilishdan voz kechishi haqida iyun oxirida, «Katta yettilik» uchrashuvida e’lon qilgandi. O‘shanda G7’ning Yevropadagi a’zolari – Germaniya, Fransiya va Italiya ularga qo‘shilmagandi.

Buning asosiy sabablari ikkita. Birinchidan, Yevropa ittifoqchilaridan ortda qolmoqda, chunki YeI – Rossiyaning eng yirik va yaqin savdo hamkori va anchadan buyon yo‘lga qo‘yilgan munosabatlarni uzish yevropaliklarga qimmatga tushadi. Ikkinchidan, YeIda sanksiyalar kiritilishini barcha 27 mamlakat ma’qullashi kerak (hamma rozi bo‘lmasa, bekor qilishning ham iloji yo‘q).

Sanksiyalar yillarga mo‘ljallangan. Oxirgi o‘n yilliklarda Rossiya iqtisodiyoti G‘arb bilan uzviy bog‘liqlikda, G‘arb texnologiyalari, kreditlari va investitsiyalari hisobiga rivojlangan. Ularni butunlay almashtirish imkonsiz, buning ustiga, Rossiya asosiy mahsuloti – energiya resurslarini sotib oluvchi eng boy xaridorini yo‘qotmoqda.

Kreml sanksiyalarni Rossiyani tiz cho‘ktirishga urinish deb hisoblamoqda va qarshi choralar bilan javob bermoqda. Uning asosiy quroli – tabiiy gaz.

«Gazprom» birgina oxirgi ikki oyda Yevropaga gaz yetkazib berishni qariyb 70 foizga qisqartirdi, YeIda gaz narxi so‘nggi bir yil ichida yetti baravarga oshdi, buning natijasida Yevropa iqtisodiyoti to‘xtab qoldi, inflatsiya o‘smoqda va aholining daromadi kamaymoqda.

Top