11:35 / 22.07.2022
13262

O‘zbekiston oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha 10 yillik rejalariga erisha oladimi? – professor Azamat Akbarov bilan suhbat

Oliy ta’lim, uning muammolari va rivojiga befarq bo‘lmaganlar yaxshi biladi, O‘zbekistonda 2019 yili Oliy ta’limni kelgusi 10 yillikda rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya qabul qilingandi.

Hujjatda O‘zbekistondagi OTMlarni xususiylashtirish, ularni butun dunyoda bo‘lgani kabi ta’lim, tadqiqot va tadbirkorlik – 3.0 universitetlar darajasiga chiqarish, mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmida oliy ta’lim muassasalari hissasini oshirish va OTMlar ekspansiyasi, ya’ni xorijda o‘zbek universitetlari filiallarini ochishgacha bo‘lgan katta maqsadlar belgilab qo‘yilgan.

Bugun mana shu hujjat qabul qilinganiga ham salkam uch yil vaqt o‘tdi. Bu orada vazirlikka kelgan Abduqodir Toshqulov OAV bilan bo‘lgan qator yig‘inlarda oliy ta’limdagi ko‘plab kamchiliklar tuzatilib, qo‘shimchasiga katta yutuqlarga erishilayotgani haqida bayonotlar berdi.

Xo‘sh, oliy ta’lim tizimi bugun chindan ko‘p yillik muammolarini hal qilib oldimi?

2030 yilgacha rejalangan islohotlar bo‘yicha hammasi kutilganidek ketyaptimi? Katta yutuqlarga erishilyaptimi chindan?

Shuningdek, ishlarning borishidagi bugungi tezlik bilan kutilgan natijalarga amalda erisha olamizmi?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob olish uchun “Boursa National” kompaniyasi ijrochi direktori, professor Azamat Akbarovni tahliliy suhbatga taklif etdi.

— Azamat aka, yaxshi bilasiz, bugungi zamonaviy universitetlarning 3ta asosiy vazifasi bor. Bu – ta’lim berish, tadqiqotlar olib borish va shu tadqiqotlarni ishlab chiqarishga joriy qilish orqali mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltirish. Bugun bizdagi ta’lim-ku, sifatsiz bo‘lsa-da, berilayotgandir. Xo‘sh, OTM o‘zining qolgan ikki vazifasini qanchalik eplayapti?

— Hozir rivojlangan universitetlarning juda ko‘p tendensiya va vazifalari bor. Jumladan, siz aytgan vazifalar ham. Men bu vazifalarni O‘zbekiston sharoitida ikkiga bo‘lgan bo‘lardim. Ya’ni hozirgi vaqtda o‘zbek universitetlarining birinchi missiyasi bu – sifatli darsliklar chiqarish va insonlar farovonligiga hissa qo‘shish, ikkinchi missiyasi esa iqtidorli yoshlarni topib, ularning yetarli malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga sababchi bo‘lish.

Bugun ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanadigan universitetlarning yana bir vazifasi bu – ilmiy tadqiqotlar qilish va shu tadqiqotlarni xususiy sektorga sota olish. Ya’ni universitetlarni 3.0 universitetlar darajasiga olib chiqish. Ya’ni tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan universitetlar. Chunki bunday universitetlar bozorga sifatli mahsulotni taqdim eta oladi. Deylik, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi universitetlarning davlat yalpi ichki mahsulotidagi o‘rni juda katta. Masalan, Avstraliyada ilm va tadqiqotga sarf etilgan har bir dollar davlatning iqtisodiy o‘sishiga besh dollar sifatida qaytadi. Tasavvur qilyapsizmi, bir dollar besh dollar bo‘lib qaytadi. Yoki o‘sha Avstraliyada ta’limga ishlatilgan bir dollar davlat xazinasiga soliq sifatida uch dollar bo‘lib qaytadi. Shu tufayli ham u yerdagi davlat universitetlari har yili davlat budjetiga 50 mlrdga yaqin mablag‘ keltiradi. Amerikada bu raqam 600 mlrd dollar. Bu juda katta raqamlar.

Shuningdek, Amerikaga har yili 1 mlnga yaqin talabaning borib o‘qishi orqali har yili 350 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Ha, O‘zbekistonda oliy ta’limni 2030 yilgacha rivojlantirish borasidagi konsepsiyada ham O‘zbekistondagi universitetlar yaqin kelajakda ilmiy tadqiqot olib borishi va o‘sha xizmatlarni sotish orqali davlat iqtisodiyotiga foyda keltirishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Biz 80 yillar darajasidagi universitetlardan imkon qadar uzoqlashib, nafaqat ta’lim, balki ilmiy tadqiqotlarga ham tezroq o‘tishimiz kerak.

Universitetlar men ilmiy tadqiqot olib boryapman, shu bo‘yicha bizda magistr, doktorant, fan doktori, professorlarimiz bor deydigan bo‘lsa, marhamat, ushbu qatlamning ilmiy faoliyati orqali davlat budjetiga keltirayotgan foydasini raqamlarda ko‘rsatib bersin. Bu juda muhim. Agar ko‘rsatib berisholmasa, dunyoga va umuman hech kimga qiziq bo‘lmagan, global iqtisodiyotdan chetlashgan mavzularda ilmiy ishlar olib borilyapti.

— Adashmasam, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda 75-76-o‘rinlarda turardi. Bunda ta’limning o‘rni qanchalik, sizningcha?

— Ha, biz yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha taxminan shunday o‘rinlarda turamiz, lekin aholi jon boshiga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha 125-o‘rindamiz. Masalan, bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda bir-biriga juda yaqin. Ya’ni u yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda 55-60-o‘rinlarda, aholi jon boshiga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha ham shu o‘rinda.

Bu nimani bildiradi? Ya’niki universitetlar asta-sekin iqtisodiyotning drayveriga aylanishi kerak. Bu juda muhim.

O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda oliy ta’lim qamrovi oshib boryapti. Masalan, 2015 yillarda bu ko‘rsatkich Afrikaning eng qashshoq va qarzga botgan davlatlaridagi ko‘rsatkichdan ham orqada edi – 9 foiz. Bugun bu raqam 30 ga qarab boryapti. Bundan asosiy maqsad nima? Oliy ta’lim qamrovini oshirishmi yoki bozorga sifatli kadr yetkazib berishmi?

Hozir ta’lim berish juda oson ish. Onlayn ham ta’lim beraverish mumkin. Hozir dunyoda universitetlarning transformatsiya bosqichi ketyapti. U hozir biz bilgan to‘rtta devor, stol-stul emas. Ta’lim endilikda individual bir shaxsga ham bog‘lanib ketishi mumkin. Masalan, yirik tadbirkorlar jamiyatni qiynab turgan masalalarga yechim bera oladigan kurslar ochishi mumkin. 

Insonlar kelajakda makon, vaqt va hududni oshib o‘tadigan masofaviy ta’limni universitetlarga bormay turib o‘zlashtiradi. Biz ta’lim berish universitetning asosiy vazifasi deb bilmasligimiz kerak. Bu endilikda universitetni asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi. Uning ikkinchi vazifasi ilmiy tadqiqot.

Bugun agar universitetlarimiz iqtidorli talabalarni saralab olib, ularga sifatli ta’lim berish vazifasini bajarolmasa, o‘sha sifatsiz kadrlar ertaga yana ishlab chiqarishga boradi. Ular davlatning “yelkasi”ga yuk bo‘lib tushadi. O‘sha sifatsiz kadrlar bilan biz ertaga aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad bo‘yicha 125-emas, 150-o‘ringa tushib ketishimiz mumkin.

— Masalan, men so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondagi birorta universitetda qilingan tadqiqot, g‘oya va ishlanmaning taniqli kompaniyaga sotilgani haqida eshitmadim. Yoki adashyapmanmi?

— To‘g‘ri aytyapsiz, men ham eshitmadim. Oddiy bir misol – “Apple”dagi juda ko‘p dasturlar universitetlar tomonidan yaratilgan. 

Masalan, internetdagi xalqaro qidiruv tizimi Stemford universiteti tomonidan AQSh mudofaa vazirligi so‘roviga ko‘ra ishlab chiqilgan. Keyinroq u bozorga ham chiqarildi.

Dunyodagi butun kashfiyotlar orqasida universitetlar turadi. Masalan, bizdagi kompaniyalarning innovatsion loyihalariga jalb qilingan talabalarning foizi qancha? Buni ko‘rib chiqish kerak. Bizda hamma vaqt sifatli kadrlar importi davom etyapti. Masalan, bizda davlatga katta soliq to‘laydigan fabrika, zavod va katta kompaniyalarning top menejyerlari xorijdan olib kelingan.

O‘zbek oliy ta’lim tizimining bugungi og‘riqli muammolariga bag‘ishlangan suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustalari — Abduqodir To‘lqinov va Asadbek Kuryazov.

Top