Andijonda “Tashabbusli budjet” samarasi: Aholi ikkinchi mavsumda ham faol
Andijon viloyatida “Tashabbusli budjet” loyihasining birinchi mavsumida 2283 ta taklif kiritilgan bo‘lib, shundan 161 tasi g‘olib deb topilgan. Andijonliklar bu loyihada faol ishtirok etib, barcha viloyatlarga o‘rnak bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz.
G‘olib takliflarning umumiy qiymati 90 mlrd 25 mln so‘mni tashkil etib, mablag‘lar viloyat bo‘yicha ichki yo‘llarni ta’mirlash, umumta’lim maktablarini ta’mirlash va jihozlash, yoritish tizimlarini ishga tushirish, maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, jihozlash va boshqa ko‘plab yo‘nalishdagi loyihalarni bajarishga qaratildi.
“Tashabbusli budjet” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlanishi oldidan biz birinchi bosqich g‘olib loyihalari qay darajada amalga oshirilgani bilan qiziqdik. Shu bois viloyatning chekka hududi bo‘lgan Ulug‘nor tumanida hamda Shahrixon, Oltinko‘l tumanlaridagi loyiha g‘olibi bo‘lgan mahallalarda bo‘ldik.
Quvonarlisi, aholi “Tashabbusli budjet” tufayli mahallalariga kirgan obodlikdan xursand.
Oltinko‘l tumani Ittifoq mahallasida 1,7 kilometr yo‘l asfalt qilingan.
“Tashabbusli budjet” bizga juda ma’qul keldi. Qarangki, o‘z muammomizni telefonda ovoz berish yo‘li bilan hal qila oldik. Ko‘chamizga kirib-chiqishga taksistlar ham og‘rinardi. Esimda, ayolim homilador bo‘lganida “Tez yordam” ko‘chamizga kira olmagan. Ko‘cha boshiga “nosilka”da olib chiqqanmiz. Hozir mana, asfaltlar qilindi, juda xursandmiz”, – deydi mahalla faoli Nizomiddin Hayitov.
Mahalladan xalq deputatlari Oltinko‘l tuman kengashiga saylangan deputat Guldona Qurbonova va mahalla faoli Oltinbek Turdiyevlar “Tashabbusli budjet” mahalla ahlini birgalikda maqsad sari intilib natijaga erishish mumkinligini isbotlaganini bildirishdi.
Shahrixon tuman Oqto‘nli mahallasida ham 2,7 kilometr yo‘l “Open Budget” loyihasi orqali asfalt qilinibdi.
“Yo‘llarimiz qishda loy-balchiq, o‘ydim-chuqur, yozda chang-to‘zon bo‘lib, mehmonlar kelsa uyalib qolar edik. Mahalla ahli to‘planib, bir yoqadan bosh chiqarib 2721 ta ovoz yig‘dik. Mana endi mahallamizni juda ko‘p ko‘chalari asfalt qilindi. Aholi juda xursand”, deydi mahalla oqsoqollaridan Obidjon Nurmatov.
Ulug‘nor tumanidagi 7-umumta’lim maktabi pedagogik jamoasi o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish, ya’ni qo‘shimcha binolar qurish uchun harakat qilib maqsadiga erishibdi.
Maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Zulfiya Boyboboyeva o‘z fikrlarini bildirdi:
“Maktabimiz 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bolalarni o‘qitishda xonalar yetishmovchiligi muammosi bor edi. O‘qituvchilar va ota-onalar bilan birgalikda “Tashabbusli budjet”da qatnashib 481 ta ovoz bilan 844 million so‘mlik loyihani yutib oldik. Qo‘shimcha binolar qurilishi boshlanib ketgan. Nasib qilsa, o‘quvchilarimiz yangi o‘quv yilini chiroyli va zamonaviy jihozlangan xonalarda boshlashadi”.
Oltinko‘l tuman 42-umumta’lim maktabi direktori Sarvarbek Nazarov biz bilan suhbatda “Tashabbusli budjet” loyihasida 100 o‘rinli oshxona jihozlari uchun 25 million so‘mlik loyihada qatnashib g‘olib chiqishgani va bugungi kunda mazkur jihozlar maktabga yetib kelganini bildirdi.
Andijonda 2-mavsum boshlangan
Ma’lumki, respublikamizda 15 iyuldan “Tashabbusli budjet” loyihasining ikkinchi mavsumi boshlandi.
Andijon viloyatida navbatdagi mavsumga 77 mlrd 64 mln so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu borada Andijon viloyati Moliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Alijon Rasuljonov ma’lumot berdi.
“Tashabbusli budjet”ning birinchi mavsumi bo‘yicha Andijon viloyatida g‘olib deb topilgan 161ta loyihaga 90 mlrd 25 mln so‘m mablag‘ ajratilib, loyihalar bo‘yicha smeta hujjatlari ishlab chiqildi. 129 ta obektning pudratchisi aniq bo‘lib, qurilish-ta’mirlash ishlari hamda tovar xizmat sotib olish bilan bog‘liq tadbirlar amalga oshirildi. Qolgan loyihalar bo‘yicha tender-savdolari bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 15 iyulidan “Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumiga start berildi. Mavsumga 72,0 mlrd so‘m hamda 2-chorak daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan 5 mlrd 64 mln so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan:
— Andijon shahriga 7 mlrd so‘m, Xonobod shahriga 1 mlrd so‘m, Andijon tumaniga 5 mlrd 40 mln, Asaka tumaniga 7 mlrd 332 mln so‘m, Baliqchi tumaniga 4 mlrd 967 mln so‘m, Buloqboshi tumaniga 3 mlrd 700 mln so‘m, Bo‘ston tumaniga 2 mlrd 362 mln so‘m, Jalaquduq tumaniga 4 mlrd 309 mln so‘m, Izboskan tumaniga 5 mlrd 500 mln so‘m, Marhamat tumaniga 4 mlrd 407 mln so‘m, Oltinko‘l tumaniga 4 mlrd so‘m, Paxtaobod tumaniga 5 mlrd 365 mln so‘m, Ulug‘nor tumaniga 2 mlrd 275 mln so‘m, Qo‘rg‘ontepa tumaniga 5 mlrd 133 mln so‘m, Shahrixon tumaniga 6 mlrd 249 mln so‘m, Xo‘jaobod tumaniga 3 mlrd 29 mln so‘m ajratilgan.
O‘ylaymizki, viloyatimiz fuqarolari ikkinchi mavsumda ham ko‘tarinki ruhda ishtirok etadi”, deydi mutasaddi.
“Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumida:
- 1-bosqich – takliflarni ilgari surish 15 iyuldan 3 avgustgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 15 avgustdan 4 sentabrgacha);
- 2-bosqich – loyihalarni saralab olish 4 avgustdan 23 avgustgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 4 sentabrdan 24 sentabrgacha);
- 3-bosqich – loyihalarga ovoz berish 24 avgustdan 12 sentabrgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 24 sentabrdan 14 oktyabrgacha) davom etadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda “Tashabbusli budjet” jarayoniga fuqarolarni keng jalb qilish maqsadida jarayonning boshlanishi oldidan fuqarolarga ommaviy tarzda xabardor etuvchi maxsus SMS xabarnoma yuborishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
15:16 / 18.12.2024
Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi
10:49 / 15.12.2024
Andijon va Navoiyda noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
07:50 / 10.12.2024