13:17 / 28.07.2022
17124

Professor O‘zbekistonda ta’lim vazirliklarini birlashtirish, OAK va fan doktor ilmiy darajasini esa tugatishni taklif qildi

“Boursa National” kompaniyasi ijrochi direktori, professor Azamat Akbarov Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi ta’lim vazirliklarini birlashtirib yuborish, Oliy attestatsiya komissiyasi va fan doktori (doctor of science) ilmiy darajasini tugatish kerakligi haqida gapirdi.

Professorga ko‘ra, dunyoda faqat Sobiq Sovet davlatlarining ayrimlaridagina saqlanib qolayotgan organ – Oliy attestatsiya komissiyasi bugun ta’lim rivojiga emas, uning ortga ketishiga xizmat qilmoqda.

“Janubiy Koreya yoki yon qo‘shnimiz Qozog‘istonda o‘rta maxsus, test markazi, oliy ta’lim va ta’lim inspeksiyalarini birlashtirgan yagona vazirlik bor.

Ta’lim tizimida yagona vazirlik misolini Finlandiya, Fransiya yoki Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham ko‘rishimiz mumkin.

O‘ylashimcha, Oliy attestatsiya komissiyasini Oliy ta’lim vazirligi bilan integratsiya qilish kerak. Umuman, vazirlik atrofidagi barcha tashkilot va inspeksiyalarni vazirlik bilan integratsiya qilish kerak.

Bu tashkilotlarning alohida-alohida bo‘lishi qo‘shimcha energiya, resurs sarflanishi va tashkilotlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar yoki byurokratiyaga sabab bo‘ladi.

Hozir raqamli dunyoda yashayapmiz. Lekin bizda ayrim masalalar bo‘yicha qaror olish uchun ba’zan oylab kutish kerak. Shunday ekan, men aytgan tashkilotlarning barchasi Oliy ta’lim vazirligi qoshidagi departamentga aylanishi kerak.

Masalan, men bundan uch yillar avval Oliy attestatsiya komissiyasining Boloniya jarayoni haqidagi tushunchalari haqida maqola yozgandim.

Boloniya jarayoniYevropa mamlakatlari orasida oliy ta’limni uyg‘unlashtirish jarayonidir. Bu tushunish oson bo‘lgan va o‘xshash darajalar (malakalar) tizimini yaratishni, ta’limning kredit tizimiga o‘tishni, ta’limning sifatini ta’minlashda erkin akademik harakatlanishni va Yevropadagi ta’lim hamkorligini o‘z ichiga oladi. Qisqa qilib aytganda, bu Yevropa mamlakatlarining oliy ta’lim tizimlarini uyg‘unlashtirish, har bir kishi uchun teng ravishda ta’limni ta’minlash, intellektual, madaniy, ijtimoiy, ilmiy va texnologik salohiyatni shakllantirish va mustahkamlash, ta’lim sifatini takomillashtirish jarayonidir. – Tahr.

Tasavvur qiling, Boloniya jarayoni tizimiga Markaziy Osiyoda Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va hatto qo‘shnimiz Afg‘oniston ham kirgan.

Bu jarayon yagona Yevropa ta’lim hududini anglatadi. Uni ilk bor 1999 yilda 22ta davlat imzolagan bo‘lsa, hozir tizimga dunyoning 47 davlati a’zo hisoblanadi”, – dedi Akbarov.

Professor intervyu davomida dunyoda moqobili yo‘q va faqat MDHning sanoqli davlatlaridagina saqlanib qolayotgan fan doktori ilmiy darajasi (doctor of science)ni tugatish taklifini ham bildirdi.

“Buni MDHdagi bir-ikkita davlatdan boshqa hech qayerda tan olishmaydi. Tasavvur qiling, butun dunyoda tan olingan uchta ilmiy daraja bor: bakalavr, magistratura va PHD. O‘zbekistonda esa bunga to‘rtinchi daraja ham qo‘shildi – doctor of science.

Xo‘sh, buni davlat iqtisodiyoti va universitetning xalqaro reytinglarga kirishiga qanchalik yordami bor?

Turklarda yaxshi bir maqol bor: “Aqlning yo‘li bitta”. Shunday ekan, dunyo qaysi yo‘ldan borsa, biz ham shu yo‘ldan boraylik.

PHD bizda tayanch doktorantura hisoblanadi, lekin xorijda bu eng yuqori daraja. Undan keyin daraja yo‘q. Qolgani akademik unvonlar. Masalan, assistent professor yoki professor.

Biz ilmiy darajalarni birlashtirib, keyingi unvonlarning shartlarini dunyo standartlariga olib kelishimiz kerak”, – dedi ekspert.

Azamat Akbarov intervyu davomida Kun.uz muxbirining O‘zbekistondagi ta’lim vazirliklarini yagona vazirlik yoki departamentga birlashtirib yuborish haqidagi savoliga ham javob berdi.

“Biz shu yil mart oyida Toshkentda oliy ta’limdagi bugungi muammolarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazdik. Shu anjumanni tashkillashtirish jarayonida Oliy ta’lim vazirligiga hamkorlik qilishni so‘rab xat yozdik.

Tasavvur qiling, vazirlikning qaysidir boshqarma boshlig‘i tadbir mavzusidagi “muammo” so‘zini ko‘rib, bizga do‘q-po‘pisa qilgan. Uning aytishicha, oliy ta’limda muammo yo‘q ekan.

Demak, hozir ta’lim haqida faqat yaxshi so‘zlar yozilishi kerak. Yuqoriga beriladigan statistika ham chiroyli bo‘lishi kerak. Muammo yo‘q, hamma narsa bajarilgan, deyish kerak.

Men shunda hayron qolgandimki, hali universitetlarimiz Top – 1000 universitetlar (QS World University) qatoriga kirmagan bo‘lsa, o‘quv rejalarimizda muammo ko‘p bo‘lsa, o‘zini-o‘zi moliyalashtirish bo‘yicha yaqqol natija ko‘rsatgan universitet ham yo‘q bo‘lsa, qanday qilib muammo haqida gapirmaslik mumkin?

Bizda odatda muammoni yechish uchun yo agentlik yo qandaydir boshqarma tuziladi. Keyin o‘sha agentlik nazorati uchun yana qandaydir tuzilma tashkil qilinadi. Bunda xodimlarni boshqarish ba’zan nazoratdan chiqib ketishi ham mumkin.

Men bu savolga rivojlangan 50 ta davlatdagi vazirliklar optimizatsiyasini va umuman universitetlarni kim boshqarishini o‘rganish kerak, deya javob beraman. Tamom.

Agar ular dunyo iqtisodiyotida eng kuchli davlatlar bo‘larkan, demak, ishonavering, buning ortida juda katta ilmiy potensial turibdi. Chunki o‘sha universitetlarning mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan katta hissasi bor. Bu masalan, Amerikada 600 mlrd dollar.

Bu davlatlar o‘z ilmi bilan dunyoni titratib kelayotgan ekan, o‘rganish kerak u yerda qancha vazirlik borligini? Hammasi alohidami yoki birlashgan departament yo vazirlik shaklidami? Tajriba albatta o‘rganilishi kerak”, – dedi professor.

O‘zbek oliy ta’lim tizimining bugungi og‘riqli muammolariga bag‘ishlangan suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Top