11:21 / 29.07.2022
11947

Rossiya prezidenti huzuridagi kengash «LXR» va «DXR»da urushdan bosh tortganlarni RFga qaytarishni talab qildi

Huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan rossiyalik askarlar qamoqda saqlanmoqda va qiynoqqa solinmoqda.

Foto: Getty Images

28 iyul, payshanba kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash (IHK)ning bir necha a’zolari harbiy prokuraturaga murojaat qilib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni istamagani sababli shartnoma bo‘yicha xizmatdan bo‘shash to‘g‘risida ariza bergan rossiyalik harbiy xizmatchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘linayotgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirish talabi bilan chiqdi.

DW’da mavjud bo‘lgan maktub matniga ko‘ra, kamida olti nafar askarning qarindoshlari o‘z yaqinlari huquqlari buzilgani haqida xabar bergan. Shartnoma asosida xizmat qiluvchi askarlarning onalari va xotinlari so‘zlariga ko‘ra, bunday harbiylar «DXR» va «LXR» deb ataladigan hududlardagi noqonuniy hibsxonalarda saqlanib, qiynoqqa solinyapti, harbiy qo‘mondonlik esa ularni xizmatdan bo‘shatish to‘g‘risidagi arizaga qo‘l qo‘yishdan bosh tortyapti.

Maktub mualliflari ta’kidlashicha, RF qonunchiligi harbiy qismlar qo‘mondonligiga xizmatdan bo‘shamoqchi bo‘lgan shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilarni qandaydir yo‘l bilan jazolash huquqini bermaydi - bu harbiy sud tomonidan amalga oshirilishi kerak, ungacha harbiy xizmatchilar davlat himoyasida. Rossiya qonunlarida, shuningdek, xizmatdan bo‘yin tovlaganlar bilan munosabatda bo‘lish choralari ko‘zda tutilgan - ulardan bo‘shash to‘g‘risidagi arizalar qabul qilinishi kerak, harbiy xizmatchilarning o‘zi esa qismlariga qaytarilishi kerak. 

Shuni inobatga olgan holda, IHK a’zolari o‘zini mustaqil respublika deb e’lon qilgan hududlarda xizmatdan bosh tortgan askarlar noqonuniy ravishda ushlab turilgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirishni, jabrlangan harbiy xizmatchilarning himoyasini ta’minlashni va ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishni talab etmoqda. 

Avvalroq Ukrainada jang qilishdan bosh tortgan rossiyalik harbiylardan biri, shuningdek, yana bir askarning otasi The Insider nashriga Lugansk oblastining Bryanka shahridagi «bosh tortganlar» uchun maxsus markazda saqlash sharoitlari, qiynoqlar va tahdidlar haqida gapirib bergandi.  

«Verstka» nashrining hisob-kitobiga ko‘ra, fevral oyidan beri kamida 1793 nafar harbiy xizmatchi Ukraina bilan urushda qatnashishdan bosh tortgan. Ularning kamida 234 nafari Lugansk oblastining Bryanka shahri yaqinida majburan saqlanmoqda, dedi ularning yaqinlari «Verstka» nashriga. 

Bundan oldin IHK a’zolari Ukrainadagi jangovar harakatlarni va bu bilan bog‘liq ravishda, Rossiya rasmiylari tomonidan so‘z erkinligiga qo‘yilgan cheklovlarni to‘xtatishga chaqiruvchi ochiq xat e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, IHK RFning Ukrainaga qarshi urushi tufayli 350 dan ortiq ukrainaliklar Rossiya qamoqxonalarida «qolib ketgani» va ularni hozirgi sharoitda vataniga qaytarib bo‘lmasligini qayd etdi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top