09:21 / 02.08.2022
7717
AQShda Kapitoliyga hujum ishi bo‘yicha eng qattiq hukm chiqarildi

Texasda yashovchi Gay Reffitt yetti yil-u uch oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu Kapitoliyga hujum bo‘yicha ish doirasidagi eng uzoq muddatga aylandi.

Foto: Global Look Press / Joel Marklund / Keystone Press Agency

Texasda yashovchi Gay Reffitt 2021 yil yanvarida Kapitoliyga hujum ishi bo‘yicha eng uzoq muddatga, ya’ni yetti yil-u uch oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukm 1 avgust, dushanba kuni Kolumbiya okrugi sudyasi Dabni Fridrix tomonidan chiqarildi

49 yoshli texaslik harbiylashgan ultrao‘ng radikal guruh a’zosi bo‘lgan. Mart oyida u Kapitoliyga tutash hududga o‘qotar qurol olib kirish, politsiya xodimlariga hujum qilish va tergovga to‘sqinlik qilishda aybdor deb topildi. Reffitt o‘z o‘g‘li va qiziga ham tahdid qilib, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmaslikni talab etgan. «Xoinlarni otib tashlashadi», degan u 18 yoshli o‘g‘liga. Shunga qaramay, 18 yoshli yigit AQSh Federal qidiruv byurosida va keyinroq sudda otasiga qarshi guvohlik berdi. 

Gay Reffitt AQSh Kongressi binosiga bostirib kirish ishi bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan birinchi sudlanuvchidir. Videoyozuvlarda Texas shtatida yashovchi neftchining Kapitoliy zinapoyasida politsiyachilar bilan janjallashib qolgani va tergovchilarga ko‘ra, olomon orasida fitna qo‘zg‘atgani aks etgan. Prokuratura uni yig‘ilganlarning «yetakchisi» deb atagan. «U yong‘inni boshlagan gugurtni yoqib yuborgan», — dedi ayblov tomoni.

2021 yil 6 yanvarda Vashingtondagi mitingda nutq so‘zlaganidan so‘ng, AQSh prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Donald Trampning radikal kayfiyatdagi tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirdi, u yerda Senat va Vakillar palatasi qo‘shma yig‘ilishi ishtirokchilari ovoz berish natijalarini ma’qullayotgan bo‘lgan. Namoyishchilar binoga bostirib kirishga muvaffaq bo‘lgan, Kongressdagi munozaralar bir necha soatga to‘xtatilgan, qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilingan. 

Tartibsizliklar ishtirokchilari politsiya bilan to‘qnashuv uyushtirgan, politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob bergan. Milliy gvardiya Vashingtonga yetib kelgan. To‘qnashuvlar oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, ulardan biri - politsiyachi. Rasmiylar bir necha soatdan keyin Kongress binosini nazoratga oldi. Keyingi haftalar davomida yana ikki politsiyachi o‘z joniga qasd qildi. Tartibsizliklardan keyin 50 ga yaqin odam qo‘lga olingan, ularning bir nechasiga ayblov e’lon qilingan. 

Kapitoliyga hujumdan keyin AQSh Kongressi Vakillar palatasi komissiyasi Trampning voqealardagi roliga oydinlik kiritish uchun 140 mingdan ortiq hujjatni o‘rganib chiqdi va mingdan ortiq guvohlar bilan suhbatlashdi. Komissiya iyun oyi boshidagi birinchi yig‘ilishida Vashingtondagi tartibsizliklar uchun birinchi navbatda sobiq prezidentni javobgar deb topdi. Sakkizinchi ommaviy eshituvlardan so‘ng komissiya ishida tanaffus e’lon qilindi, sentabr oyida yangi yig‘ilish o‘tkaziladi. Tramp o‘z aybini tan olmayapti va 2024 yilda AQSh prezidentligi uchun yana o‘z nomzodini qo‘yishi mumkinligini istisno etmayapti. 

Top