19:07 / 15.08.2022
10161

«PSJ»da yangi mojaro: Mbappe asosiy penaltichi ekani Neymarni g‘azablantirmoqda

«PSJ» klubida Neymar va Kilian Mbappe o‘rtasida penalti tepish bo‘yicha mojaro kelib chiqdi.

Fransiya chempionatining ikkinchi turida parijliklar «Monpele»ni (5:2) hech qanday muammosiz mag‘lub etishdi. Ular ikki marta 11 metrlik nuqtadan to‘p tepishdi. Mbappening kuchli zarbasini darvozabon qaytardi. Ikkinchisini Neymar aniq amalga oshirdi.

Matbuotda bosh murabbiy Kristof Galtening mavsum davomida kim penaltichi bo‘lishini aytgani va Mbappe ro‘yxatda birinchi ekani, Neymar esa undan keyin turishi haqidagi so‘zlari tarqaldi. Bu braziliyalikka yoqmadi va u ijtimoiy tarmoqlar orqali hujumga o‘tdi. Eng ta’sirli vosita – «layk» bilan.

«Endi rasman: «PSJ»da asosiy penaltichi – Mbappe. Aftidan bu shartnomada yozilgan shekilli, chunki dunyoning hech qaysi klubida Neymar ikkinchi penaltichi bo‘lmas edi. Mbappe – «PSJ» xo‘jayini», deb yozdi braziliyalikning fanatlaridan biri.

«Neymar penaltini tepganda darvozabonni (yana) dog‘da qoldirdi. Mbappe esa juda yomon zarba berdi va gol urolmadi. O‘yindan so‘ng murabbiy Mbappe jamoaning mavsum davomidagi asosiy penaltichisi bo‘lishini aytdi. Ajabo!», deb yozdi yana bir fanat.

Neymar har ikkala postga «layk» bosib, olovga yog‘ sepdi.

Aslida, Galte faqat ma’lum bir o‘yin uchun penaltichilar haqida gapirgan edi: «Bunday tartib faqat ushbu o‘yin uchun belgilangan. Kilian birinchi edi. Mantiqan kelib chiqilsa, Neymar ikkinchi bo‘ldi. Mavsumning qolgan qismida qanday bo‘lishini o‘ylab ko‘ramiz».

Statistikaga ko‘ra, Neymar haqiqatan ham penaltini biroz yaxshiroq tepadi – u zarbasining 82,5 foizini golga aylantirgan. Kilian esa 80 foizini. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Leo Messi – 77,6 foizini.

Mbappe o‘tgan mavsumda «PSJ»ning asosiy penaltichisi bo‘lgan va 6 marta «nuqtadan» zarba yo‘llagan. Neymarda 4 ta, Messida 3 ta penalti bor. Uchalasi ham bir martadan penaltida adashgan.

Bu mavsumda Neymar penaltidan ikki marta zarba berdi va ikki marta gol urdi. Mbappe uchun «Monpele»ga qarshi o‘yindagi noaniq penalti hozircha yagona urinishdir.

Aftidan, Kilian uchun 11 metrlik zarbalar juda muhim. L’Equipe nashrining yozishicha, «PSJ» bilan yangi shartnoma imzolash chog‘ida Mbappening talablaridan biri asosiy penaltichi qilib tayinlanishi bo‘lgan. Shu ma’noda Neymarga yoqqan muxlisning fikrlari haqiqat bo‘lishi mumkin.

Neymar oldin ham penalti tepish borasida janjallashgan edi – Kavani bilan

Neymar penalti masalasida birinchi marta quyushqondan chiqmayapti. 2017 yilda u «Lion»ga qarshi o‘yinda Edinson Kavani bilan oldin jarima zarbasi, keyin esa penalti tepish borasida tortishib qolgan edi.

O‘shanda braziliyalik jarima to‘pini amalga oshirdi. Kavani esa Neymarning iltimosiga qaramay, penaltini tepdi va gol urolmadi.

L’Equipe xabariga ko‘ra, o‘yindan keyin, kiyim almashtirish xonasida futbolchilar dahanaki jang qilishiga sal qolgan. Har ikkalasining shartnomasida eng yaxshi to‘purarlik uchun 1 million yevro miqdoridagi bonus ko‘zda tutilgan edi. Kavani ham, Neymar ham bunga da’vogar edi.

Keyinchalik braziliyalik «PSJ» rahbariyatidan Kavanini sotishni so‘ragani haqida mish-mishlar tarqaldi. Ammo bu sodir bo‘lmadi. Oradan vaqt o‘tgach, futbolchilar yarashib olishdi. Hatto bir o‘yinda penalti tepishdan oldin bir-biriga namoyishkorona tarzda to‘pni taklif qilishdi.

Endi esa ikkinchi tur o‘yinidayoq Neymar va Mbappe o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelmoqda. 

Mavzuga oid
Top