21:04 / 16.08.2022
5738
Mirziyoyev va Putin telefon muloqotida ShHT sammitini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi, mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish, xususan, O‘zbekiston va Rossiyaning hududlari va tadbirkorlari darajasidagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Rasmiy relizga ko‘ra, joriy yilning 7 oyida tovar ayirboshlash 30 foizga oshgan. Shu yilning kuzida uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezidentlar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham muhokama qildi. Davlat rahbarlari joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga alohida to‘xtaldi.

O‘zbekiston prezidenti va Rossiya prezidentining telefon orqali muloqoti har doimgidek konstruktiv, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi, deyiladi xabarda.

Top