20:52 / 16.08.2022
5405
Toshkent fond birjasiga Giorgi Paresishvili rahbar etib tayinlandi

“Toshkent” respublika fond birjasiga boshqaruv raisi sifatida xorijiy top-menejyer jalb etilmoqda, deya ma’lum qildi Moliya vazirligi axborot xizmati. Bu lavozimga Gruziya fond birjasining sobiq rahbari Giorgi Paresishvili tayinlandi.

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Birja kuzatuv kengashining 15 avgustdagi yig‘ilishida shunday qarorga kelingan.

Giorgi Paresishvili 2014 yildan hozirgi kungacha Gruziya Fond birjasining rahbari bo‘lib kelgan. Shu bilan birga, Gruziya Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysi Kuzatuv kengashining raisi bo‘lgan.

“Bank sohasida va kapital bozorida 27-yillik tajribaga ega yuqori malakali xorijiy top-menejyerni jalb etish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasining kapital bozorini rivojlantirish strategiyasining bajarilishi va amalga oshirilishi munosabati bilan qabul qilindi”, – deyiladi Moliya vazirligi axborotida.

Qayd etilishicha, Giorgi Paresishvilining asosiy vazifalari mahalliy fond bozorini xalqaro kapital bozori infratuzilmasiga integratsiyalash, shuningdek, mahalliy aksiyadorlik jamiyatlarining IPO va SPO'larini o‘tkazishda yordam berishdir.

Jumladan, yangi boshqaruvchining vazifalariga quyidagilar kiradi: ish samaradorligini oshirish, xalqaro ilg‘or tajribalar asosida listing va savdo qoidalarni takomillashtirishga doir tavsiyalar berish, listing kompaniyalari sonini ko‘paytirish, umuman bozor infratuzilmasi, IT kompleksi faoliyati samradorligini oshirish maqsadida bozorning tegishli ishtirokchilari bilan yaqin xamkorlik qilish.

Georgiy Paresishvili 1995 yilda Tbilisi davlat universitetining iqtisodiyot fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Tbilisidagi “Absolyut Bank”da boshlagan. 2000-2002 yillarda Michigan universiteti Stiven M. Ross biznes maktabida tahsil olgan va Biznes boshqaruvi magistri (MBA) darajasini olgan.

2000 yildan 2005 yilgacha u London va Nyu-Yorkda Shveytsariyaning eng yirik moliyaviy konglomerati Credit Suisse investitsiya bankining bo‘limi bo‘lgan Credit Suisse First Boston'da ishlagan. 2005 yildan beri Georgiy Paresishvili Gruziyaning Terabank, Liberty Bank, Bank of Georgia va boshqa yetakchi banklarida boshqaruv lavozimlarda ishlagan.

Mavzuga oid
Top