O‘zbekiston | 17:00 / 17.08.2022
43789
2 daqiqa o‘qiladi

Uzoq kutilgan film – “Baron – 2. Sog‘inch” katta ekranlarga chiqish sanasi ma’lum bo‘ldi

2019 yilda ilk treyleri namoyish etilgan “Baron – 2. Sog‘inch” filmining katta ekranlardagi ilk namoyish kuni e’lon qilindi. Pandemiya sabab filmning tasvirga olish ishlari ma’lum muddat to‘xtab qolgandi.

Film rejissyori Rustam Sa’diyevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, “Baron – 2. Sog‘inch” filmi 18 avgustdan boshlab respublika kinoteatrlarida namoyish etiladi. Filmning asosiy taqdimot marosimi esa unda bosh rollarni o‘ynagan dunyo kinoyulduzlari ishtirokida 15 sentabr kuni Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida bo‘lib o‘tadi. Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan film pandemiya sabab to‘xtab qolgandi.

Ma’lum bo‘lishicha,“Baron – 2. Sog‘inch” badiiy filmi terroristik intervensiyani fosh qiluvchi, ichki mexanizmlarni ochib beruvchi o‘tkir syujyetli drama bo‘lib, unda murakkab tryuklar, ekshn va ommaviy sahnalar, pirotexnik vositalar yordamida qo‘poruvchilik epizodlari tasvirlanadi.

Filmda Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Suriya, Misr, Rossiya davlatlaridan va o‘zbekistonlik aktyor-aktrisalardan Farhod Mahmudov, Baxshillo Fatxullayev, G‘ayrat Boymirzayev, Yulduz Rajabova, Dilnoza Kubayeva, Elyor Mahkamov, Shahzoda Matchonova, Nurmuhammad Husniddinov, Sergey Astaxov, Viktoriya Tolstoganova, Viktor Verjbiskiy, Igor Lifanov, Konstantin Solovyov, Gayrat Boymirzayev, Taukkel Mussilim, Amir Tairov, Kaan Urganjio‘g‘li, Sefa Zengin ishtirok etishgan.

Film namoyishlari Kinochilar uyi (Panorama)da, shuningdek, savdo komplekslaridagi quyidagi eng zamonaviy kinotetrlarda bo‘lib o‘tadi:

  • Mega cinema
  • Rivera cinema
  • Salom cinema
  • Kompos cinema
  • Parus cinema
  • Yulduz (premier hall)
  • Next cinema
  • Samarkand Darboza
  • Drive cinema

Mavzuga oid