11:26 / 25.08.2022
17370
«Qrimda boshlangandi, Qrimda tugaydi» – Zelenskiy Qrim har qanaqasiga qaytarib olinishini aytdi

Zelenskiy Qrim annexiasi vaqtida dunyo jim turgani Rossiyaga signal o‘laroq xizmat qilgani va Ukrainaga bosqin amalga oshirilganini aytdi. Erdo‘g‘an Turkiya Qrimni Ukrainaning bir qismi deb tan olishi va bu hudud Ukrainaga qaytarilishi kerakligini ta’kidladi.

Foto: DPA / TASS

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Qrim platformasi» sammitida Rossiya tinchlik muzokaralariga tayyor emasligi, Ukraina uning shartlari asosida harbiy harakatlarni to‘xtatishga rozi bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Uchinchi, beshinchi, yettinchi «Minsk kelishuvi» bo‘lmaydi»

23 avgust kuni o‘tkazilgan «Qrim platformasi» xalqaro onlayn sammitida Zelenskiy Ukraina hozirgi holatda o‘t ochish rejimini to‘xtatish kelishuviga bormasligini aytdi. Shuningdek, Rossiya bilan hech qanaqa yangi «Minsk kelishuvi» tuzilmasligi, bu faqat hududlar yo‘qotilishiga olib kelishini qayd etdi.

«Hozir bo‘lib turgan holatimizda o‘t ochish rejimini to‘xtatishga tayyor emasmiz. Hech qanaqa «Minsk-3», «Minsk-5» yoki «Minsk-7» kelishuvlari bo‘lmaydi. Biz ortiq bu o‘yinni o‘ynamaymiz, axir aynan shu tarzda hududlarimizni boy berdik. Chunki bu tuzoq», dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy vaqtincha tuzilgan sulh bir necha yil davom etishi va buning oqibatida Ukraina hozir Rossiya egallab olgan hududlardan ayrilishi mumkinligini ta’kidladi. Keyinchalik esa Rossiya Ukrainaning qolgan qismiga – Mikolayiv va Odessaga, hattoki Kiyevni egallashga qayta urinib ko‘rishi mumkin.

«Biz ularning jag‘iga tushiramiz»

«Qrim platformasi» forumining matbuot anjumanida qatnashgan Zelenskiy Rossiya hech qachon muloqotga rozi bo‘lmaganini aytdi.

«Rossiya hukumati urishishga tayyor, muloqotga emas. Rossiya tomoni Ukraina tinchlik xohlamaydi, deb gapirishi kulgili. Eslatib o‘taman, urush Ukrainada bo‘lmoqda va bizning fuqarolarimiz o‘lmoqda. Rossiya har kunlik hujumlari, qotilliklari bilan faqat mana shu ko‘rinishdagi muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatib bo‘ldi.

Bulardan kelib chiqib ayta olamizki, ular hech qachon va hech qanaqa muloqot haqida o‘ylamagan. Ular bizning vatanimizga bostirib kirishdi. 2014 yilda ham shunaqa qilishgandi va o‘shanda dunyo ularning jag‘iga boplab tushirmagandi. Oqibatda ular oldinga qarab ketaverishdi, ketarverishdi. Biz esa ularning jag‘iga boplab musht tushiramiz», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Qrim qaytib olinishi haqida ham gapirdi.

«Urush Qrim bilan boshlangandi, Qrim bilan tugaydi. Men terrorni yengishimizga, mintaqada, Yevropada tinchlik o‘rnata olishimizga 100 foiz aminman.

Rossiyaning degradatsiyasi Qrimni bosib olish, Qrimning tub aholisi bo‘lmish qrim-tatarlarni terror qilish bilan boshlandi. Bu diniy qatag‘on ham. Qrim musulmon jamiyatiga qarshi harakatlarni 21 asrdagi Yevropada kuzatilgan eng katta diniy quvg‘in deyish mumkin.

Butun dunyoda Rossiya tajovuzi ustidan g‘alaba qozonilishi kerak. Bu esa Qrim bosqindan ozod qilinishi kerakligini anglatadi. Qayerda boshlangan bo‘lsa, o‘sha yerda tugaydi. Qrim kutmoqda, biz qaytamiz. Ukraina va qrim-tatarlar bayrog‘i yana Qrimda, Simferopolda, Kerchda, Jankuyda, Yaltada hilpiraydi. Bu xalqaro huquqiy tartibning juda samarali jonlanishi bo‘ladi», dedi Zelenskiy.

Ukraina yetakchisining fikricha, Qrim annexiasi vaqtida dunyo jim turgani Rossiyaga signal o‘laroq xizmat qilgan va Ukrainaga bosqin amalga oshirilgan.

«Rossiya endilikda qirg‘in, urush va quvg‘in uchun javobgar dunyodagi eng zolim tuzumlar ichida yetakchiga aylanish uchun kurashmoqda. Ha, dunyoda bu borada jim turmaganlar, bizga yordam berganlar bo‘ldi. Ammo ko‘pchilik jim turdi, Qrimda nimalar bo‘layotganini ko‘rmaslikka olishdi. Va bu hozir Ukrainada va dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarning asosiy sababiga aylandi, menimcha», dedi u.

«Qo‘shnilardan yolchimaganmiz»

Zelenskiy «Qrim platformasi» forumi doirasidagi matbuot anjumanida OAV vakillarining savollariga ham javob qaytardi. Undan AQSh Ukraina Mustaqillik kunida Rossiya tomonidan raketa zarbalari oshirilishi borasida ogohlantirish berganiga qanday izoh berishini so‘rashdi: «Bunaqa xavf har kuni bor. Kunimiz ajoyib o‘tyapti, ammo qo‘shnidan yolchimaganmiz».

Zelenskiydan rossiyalik ideolog Aleksandr Duginning qizi Darya Dugina o‘limi haqida ham so‘rashdi. «U bizning fuqaromiz emas, bizni qiziqtirmaydi ham. U Ukraina hududida emas, hatto vaqtincha bosib olingan hududimizda ham. Shunday ekan, bu masalaga biz javobgar emasmiz», dedi Ukraina prezidenti.

«Qrim Ukrainaga qaytarilishi kerak»

Sammitda onlayn ishtirok etib nutq so‘zlagan Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an Qrim Ukrainaning bir qismi sifatida mamlakatga qaytarilishi kerakligini aytdi.

«Boshidan Turkiya Qrim annexia qilingan deb hisoblaydi, bu konstitutsiyaga, qonunga zid ish bo‘lgan va uni [Rossiya tarkibida] tan olmaymiz. Bu xalqaro huquq jihatdan ham, qarashlarimiz borasida ham bizning prinsipimizdir. Xalqaro huquqqa ko‘ra Qrim o‘z ajralmas qismi bo‘lgan Ukrainaga qaytarilishi kerak.

Turkiya uchun Qrimning tub aholisi bo‘lgan qrim-tatarlarning xavfsizligi ham muhim hisoblanadi. Turkiyadagi qrim-tatarlar Qrimdagi qarindoshlari haqida qayg‘urishadi. Qrim-tatarlar Ukraina fuqarolaridir. Qrim bu – Ukraina, biz Qrimni shu ko‘rinishda tan olamiz», dedi Erdo‘g‘an.

Ukraina yon bermaydi

Zelenskiy mamlakat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan ukrainaliklarga murojaat qildi. Oldinroq esa bayramga bag‘ishlangan tadbirda nutq so‘zlab, «Qrim platformasi» sammitida yarimorol har qanaqasiga ozod etilishini ma’lum qildi.

Zelenskiy murojaatini Kiyevdagi Mustaqillik maydonida amalga oshirdi. Keyinroq urushda yaroqsiz holatga keltirilgan Rossiya armiyasi texnikalaridan iborat parad tashkil etilgan Kreshatik maydonida nutq so‘zladi.

«Bosqinchilar bir necha kun ichida poytaxtimiz markazidan parad bilan o‘tishni maqsad qilgandi. Bugun Kreshatikda o‘sha «parad»ni ko‘rish mumkin. Dushman texnikasi Kiyev markazida faqat mana shu ko‘rinishda paydo bo‘lishi mumkin.

Yarim yil avval Rossiya bizga urush e’lon qildi. 24 fevral kuni butun Ukraina portlash, o‘q ovozlari ichida qoldi va ularning fikricha 24 avgust kuni «Mustaqillik kuningiz bilan» degan tabrik aytilmasligi kerak edi. 24 fevralda bizga imkoniyatingiz yo‘q, deyishdi. Biz esa 24 avgustda «Mustaqillik kuningiz bilan» deyapmiz», dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy Ukraina uchun urushning yakuni faqat g‘alaba bo‘lishini ta’kidladi.

«Urushning yakuni biz uchun qanday bo‘ladi? Avval tinchlik deyayotgandik, endi esa g‘alaba deymiz. Biz terrorchilar bilan muzokaraga intilmaymiz. Vaholanki, ular «himoya qilgani» kelgan rus tilini yaxshi tushunamiz. Ular go‘yo «ozod qilish» uchun kelishdi, ammo minglab insonlarni o‘ldirishdi.

Bilasizmi, biz uchun hammasini ruschasiga qiladigan qotillardan inglizcha gapiradigan Jonson yaqinroq.

Biz qo‘rqqanimizdan, peshonamizga to‘pponcha tiralgan holda muzokara stoliga o‘tirmaymiz. Biz uchun okoplar emas, kishan qo‘rqinchlidir. Va biz qo‘limizni faqat bir o‘rinda ko‘taramiz, Mustaqillik kunimizni nishonlayotganda», dedi Zelenskiy.

24 avgust kuni Britaniya bosh vaziri lavozimida oxirgi kunlarini o‘tkazayotgan Boris Jonson kutilmaganda Kiyevga borib, ukrainaliklarni bayram bilan tabrikladi. U Kiyev ko‘chalarida Zelenskiy bilan aylanishga ham ulgurdi.

Ukraina yetakchisi mamlakat hududiy yaxlitligini to‘liq tiklashi, Qrim va Donbass ham ozod qilinishini aytdi: «Ukraina bu – mamlakatning barcha 25 hududidir, hech qanday murosa va voz kechishlarsiz».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top