20:44 / 26.08.2022
12209

O‘zMUdan yo‘qolgan nodir kitoblar ishi bo‘yicha sud boshlandi

Milliy universitet kutubxonasi ta’mirlanishi asnosida XII-XIX asrlarga oid 56 ta qo‘lyozma va 6 ta toshbosma asarlar yo‘qolgan edi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, jinoyat ishi bo‘yicha sud boshlangan. Axborot-resurs markazi direktori qamoqqa olingan.

Foto: Kun.uz

26 avgust kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida O‘zbekiston Milliy universitetidan yo‘qolgan nodir kitoblarga doir sud ishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, sud jarayonlari bilan bir vaqtda tergov ham davom etmoqda. Shu sababli sudya sud jarayonini hozircha tasvir va audio orqali yozib olishni rad qilish bo‘yicha ajrim chiqardi.

Guvohlarning ko‘pligi va ish hajmining kattaligi sababli sud jarayoni uzoqqa cho‘zilishi mumkin. Xususan, bugungi sud jarayonida ham guvohlarni tinglash uchun vaqt yetmagani sababli majlis keyinga qoldirildi.

Foto: Kun.uz

Bosh prokuratura matbuot xizmati boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ayni vaqtda Milliy universitet Axborot-resurs markazi direktoriga nisbatan ayblov e’lon qilingan va qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha hujjatli taftish va boshqa tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, boshqa markaz xodimlarining harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.

Milliy Universitet axborot resurs markazi direktori Irina Kislitsina(ayni vaqtda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan)ning qizi Svetlana Nishanbayeva onasi bu kitoblarning yo‘qolishiga aloqasi yo‘qligini bildirib, yordam so‘rab prezidentga murojaat qilgan

«Onam nodir qo‘lyozmalar uchun mas’ul bo‘lmagan, balki kitoblar muzeyni ta’mirlash vaqtida boshqa joyga ko‘chirilganda ularni yetarlicha sharoitlarda saqlanmayotgani haqida bir necha bor rahbariyatni ogohlantirgan ham», - deydi ayblanuvchining qizi.

Eslatib o‘tamiz 2019 yildagi ta’mirlash ishlaridan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetining nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan muzeyi faoliyati tiklanmagan. 2021 yil 23 dekabr kuni Kun.uz u yerdagi qimmatbaho va o‘ta nodir hisoblangan 100dan ortiq kitoblar sotib yuborilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Xabardan bir kun o‘tib, holatni Bosh prokuratura o‘rgana boshladi.

Dastlab vaziyatga izoh berishdan qochib yurgan O‘zMU rektorati OAVlarga boshqa kitoblarni ko‘rsatib, ular yo‘qolmaganiga ishontirmoqchi bo‘ldi.

2022 yil 21 fevral kuni prokuratura organlari o‘rganish ishlarini yakunladi. Tekshirish davomida O‘zMU Axborot-resurs markazi fondida saqlangan XII-XIX asrlarga oid qiymati 2,6 mlrd so‘mlik tarixiy va badiiy ahamiyatga ega 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilingani va boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari aniqlandi va mansabdorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid
Top