20:37 / 29.08.2022
11546

Toshkent – London reysi yo‘lovchilarining yuklari qolib ketdi

Yo‘lovchilar Londonga, ularning bagaji boshqa joyga uchirib yuborilgani haqida xabar tarqaldi. Uzbekistan Airways izohiga ko‘ra, bunga Airbus A320neo samolyotining “cheklangan tijorat yuklanishi” sabab bo‘lgan. Yuklar hozir Toshkent aeroportida ekani va yo‘lovchilar aytgan manzilga yetkazib berilishi ma’lum qilindi.

Airbus A320neo samolyoti Toshkent aeroportida / Foto: Kun.uz

28 avgust kuni Toshkent – London yo‘nalishidagi HY-201 aviaqatnovida yo‘lovchilarning yuklari o‘z manziliga yetkazilmadi.

Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabardan keyin kompaniya bergan izohga ko‘ra, bunga Airbus A320neo samolyotining “cheklangan tijorat yuklanishi” sabab bo‘lgan.

“Bortga yuklanmagan yuklarning umumiy soni 119 o‘rinni tashkil etadi, bu esa 2210 kg miqdorida bo‘lganini anglatadi. Ayni paytda HY-201 reysi yo‘lovchilarining yuklari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida joylashgan bo‘lib, 30 avgust kuni HY-201 reysi bilan Londonga yetkaziladi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, yuklar barcha yo‘lovchilarga ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yetkazib berish xizmati tomonidan bepul yetkazib beriladi.

Kompaniya keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Shu bilan birga, rasmiy axborotda yo‘lovchilarning yuklari boshqa davlatga uchirib yuborilgani haqidagi gap-so‘zlarga izoh berilmagan. Bundan tashqari, reys 2 soat kechikib uchganiga oid da’vo ham ochiq qoldirilgan.

  • Uzbekistan Airways'ga ko‘ra, yuqoridagi holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot uchun HY-201 aviaqatnovi yo‘lovchilari aviakompaniyaning Londondagi vakolatxonasiga 02070342090 raqami yoki Lon@uzairways.com va London@uzairways.co.uk elektron pochta manzillari orqali murojaat qilish mumkin.
Top