15:01 / 01.09.2022
3495
AQSh elchisi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayapti

Tashqi ishlar vazirligida AQSh elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlari favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyumni qabul qildi.

V.Norov elchini O‘zbekiston prezidenti farmoniga ko‘ra «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangani yuzasidan tabrikladi. Bu uning O‘zbekiston-Amerika strategik sheriklik munosabatlarini qo‘shgan hissasi yuqori baholanganidan dalolat beradi.

D.Rozenblyum AQSh hukumati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal o‘zgarishlar siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.

O‘zbekiston-AQSh Strategik sheriklik muloqoti doirasida qator tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani e’tirof etildi. O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlari ilgari erishilgan kelishuvlar to‘liq ijrosi yuzasidan birgalikda ishlashga tayyorligi tasdiqlandi.

Ikki tomonlama darajada va «S5+1» shaklidagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvali bo‘yicha fikr almashildi.

Elchi O‘zbekistonga mamlakatda diplomatik faoliyatini amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani va qulay sharoitlar yaratgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Qanday lavozimni egallashidan qat’iy nazar O‘zbekistonning do‘sti bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Bundan oldin O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum bilan uchrashgandi. 

Mavzuga oid
Top