20:22 / 04.09.2022
35429

Vahshiylik takrorlandi – Zarafshon daryosida yana minglab baliqlar nobud bo‘ldi

Bu safar ham holatga “Navoiyazot” korxonasi tomonidan daryoga zararli moddalar me’yoridan ortiq oqizilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, “Navoiyazot” AJ Zarafshon daryosining “qotili”ga aylangan bo‘ladi. Kun.uz bir hafta oldin o‘tgan yilgi holatni yodga olgan va ish hamon tergovda ekanligiga e’tibor qaratgandi.

2022 yilning 4 sentabr kuni Zarafshon daryosida yirik ekologik inqiroz takrorlandi: minglab baliqlar noma’lum sabab tufayli nobud bo‘ldi. Shu kuni daryo atrofida yashovchi mahalliy aholi baliqlar ommaviy qirilayotganining guvohi bo‘lishgan. Achinarlisi, o‘lik holatda oqib kelayotgan baliqlarning aholi tomonidan tutib ketilishi holatlari ham uchragan.

Baliqlarning o‘limiga ularning zaharlanishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki bu kabi holat 2021 yilning oktyabr oyida ham sodir bo‘lgandi. O‘shanda “Navoiyazot” korxonasi tomonidan daryoga hayot uchun xavfli moddalar me’yoridan ortiq chiqarilgani aytilgandi.

Aholidan tushgan murojaat asosida Zarafshon daryosi atrofi kelib o‘rganilganida, baliqlarning nobud bo‘lish holati ko‘zga tashlandi. Barcha inspektorlar tezkor tadbirga jalb qilinib, baliqlarni yig‘ib olish ishlari boshlandi. Bundan bir yil muqaddam ham shunday holat takrorlangan edi. Bu yilgi holat ham o‘tgan yilgiday achinarli. Inspektorlar tomonidan daryoga tashlanadigan barcha tashlanmalar o‘rganildi. Xususan, daryo oqimi bo‘ylab o‘rganish ishlari olib borilganida “Navoiyazot” korxonasiga qarashli 267-quduqdan yuqori qismida baliqlar nobud bo‘lish holati uchramadi. Baliqlarning qirilishi mazkur quduqning quyi qismida kuzatildi”, — deydi Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasi rahbari Sherali G‘ofurov.

 

267-quduqdan “Navoiyazot” korxonasi tashlanma suvlari Zarafshon daryosiga oqiziladi. 2021 yilning oktyabr oyida kuzatilgan holatda mazkur quduqdan olingan tahlillarda azot ammoniy, azot nitrat va azot nitrit belgilangan me’yorlardan bir necha barobar yuqoriligi aniqlangan

Hozirda mutaxassislar tomonidan o‘lgan baliqlar terib olinmoqda. Nobud bo‘lgan baliqlar orasida Qizil kitobga kiritilgan turlar ham bor. Endilikda daryo suvi va nobud bo‘lgan baliqlardan namuna olinib, ekspertizadan o‘tkaziladi. Tegishli xulosalar aniq bo‘lgach holat sabablari oydinlashadi.

O‘tgan yilgi holatda tabiatga 4,8 mlrd so‘m zarar yetkazilgandi. Bosh prokuratura holatni nazoratga olgani aytilgan edi. Biroq oradan qariyb 1 yil muddat o‘tganiga qaramay, ish hamon tergovda ekanligi ma’lum bo‘ldi. Navoiy viloyati IIB esa tergov nega yakuniga yetkazilmaganligini izohlamadi.

Mutaxassislarga ko‘ra, bu safargi zarar ham o‘tgan yilgidan kam emas. Mazkur yirik ekologik inqirozning takrorlanishi Zarafshon daryosi baliqlarining butkul qirilib ketish xavfini yuzaga keltirmoqda.

Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.

 

 

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov. 

Mavzuga oid
Top