19:34 / 07.09.2022
10764
Erdo‘g‘an: G‘arb Ukraina borasida xato yo‘l tutyapti

Turkiya prezidenti G‘arbning Ukrainadagi vaziyatga nisbatan yondashuviga qo‘shilmasligini aytdi.

Foto: AP

Turkiya Ukraina va Rossiya bilan munosabatlarda muvozanatni ushlab turadi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Belgradda serbiyalik hamkasbi Aleksandr Vuchich bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida aytdi

«Anqara Ukrainada o‘t ochish tezroq to‘xtashi tarafdori. Ammo hozirgi jarayon urush tez orada tugamasligidan darak bermoqda», - dedi Turkiya rahbari.

Rossiyani jiddiy qabul qilmaydiganlar adashadi, deb ta’kidladi Erdo‘g‘an.

U G‘arbning Ukrainadagi vaziyatga nisbatan yondashuviga qo‘shilmasligini aytdi.

«Men G‘arbning pozitsiyasi xatoligini ochiqchasiga aytaman. Chunki G‘arbning harakatlari tomonlarni gij-gijlashga asoslangan. Harbiy qo‘llab-quvvatlash haqida gapirishadi. Ammo aslida, Ukrainaga G‘arbdagi zanglab yotgan qurollar va temir-tersaklar jo‘natilmoqda», - dedi Turkiya prezidenti.

«Hozirda tomonlardan biri g‘alaba qozonadi deb ayta olasizmi? Yo‘q! Bu urushda g‘oliblar yo‘q, lekin mag‘lublar ko‘p bo‘ladi», - deb ta’kidladi u.

Erdo‘g‘an G‘arbga gaz bermay qo‘ygan Moskvaning javobiga e’tibor qaratdi.

«Rossiya gaz berishni to‘xtatdi, Yevropadagi narxlar esa ko‘tarildi. Hozir Yevropa mamlakatlari birgalikda qishki mavsumdan chiqish yo‘lini izlayapti. Bu haqda nega avvalroq o‘ylamadingiz? Zero muhim resurs Rossiyaning qo‘lida. Buning o‘rniga gaz omborlaridagi zaxiralarni tahlil qilishyapti», - dedi Turkiya prezidenti.

Avvalroq Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Yevropadagi energetika inqiroziga izoh berarkan, «Yevropa ekkanini o‘rayotgani»ni aytgandi.

Mavzuga oid
Top