O‘zbekiston | 21:04 / 08.09.2022
74132
5 daqiqa o‘qiladi

Sariosiyoda 4-sinf o‘quvchisi zo‘rlangan. Holat bo‘yicha prokuror va IIB mas’ulining javobi bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti

Sariosiyo tumanidagi maktablardan birining 4-sinfida o‘quvchi qiz shu maktabning 8- va 4-sinfida o‘quvchi aka-ukalar tomonidan zo‘rlangan. Bu haqda qizaloq bilan bir qishloqda yashovchi Kun.uz manbasi xabar berdi.

“Voqea 6 sentabr kuni, qizaloq maktabdan uyiga qaytayotgan paytda sodir bo‘lgan. Qizning kelayotganini ko‘rgan aka-ukalar uni bog‘ga majburan tortib olib kirgan va qo‘llarini bog‘lagan holda nomusiga tekkan”, – dedi shaxsi sir qolishi sharti bilan gapirgan manba.

Ma’lum bo‘lishicha, aka-ukalarning biri 8-, yana biri 4-sinfda o‘qiydi, uka – jabrlanuvchi qizning sinfdoshi.

“Qizchaning otasi cho‘pon. Iymonli va insofli odam. Ammo qonun-qoidani yaxshi bilmaydi. Hozir uyidan chiqolmay qolgan. Nima qilishni ham bilmayapti.

Bugun tuman hokimi va prokurori maktabga borib yig‘ilish o‘tkazgan. Ammo eshitishim bo‘yicha, yig‘ilishda voqeani shov-shuv qilmay yopib yuborish kerakligi haqida gap borgan. Voqeani tumanimiz uchun sharmandalik deya, boshqalar ham jim yurishga chaqirilgan.

Qiz ham kecha joylashtirilgan kasalxonadan bugun chiqarib yuborilganmish”, – dedi suhbatdosh.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, aka-ukalarning ota-onasi ishni yengillatish uchun voqeada 8-sinf o‘g‘li qatnashganini yashirishga urinmoqda. Ota-ona buning o‘rniga “voqeani to‘rtinchi va uchinchi sinfda o‘qiydigan farzandlari sodir qilgani” haqida ko‘rsatma berishgan.

“Shunday qilsa, katta o‘g‘li javobgarlikdan qutulib qolarkan. Kichik farzandlari esa javobgarlikka tortish yoshiga yetmagan. Organ xodimlari ham buni bilib, bilmaganga olayotgan bo‘lishi mumkin. O‘zingiz o‘ylang, to‘rtinchi va uchinchi sinfda o‘quvchi bolalar qanday qilib bu ishni qilishi mumkin?!” – deydi u.

Sayt muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida Sariosiyo tuman prokurori Nodir Azizov bilan telefon orqali bog‘landi.

Voqea haqida gapirarkan, Azizov haqiqatdan ham tumandagi maktablardan birida (qaysi maktabligi tahririyatga ma’lum) 4-sinf qizning nomusiga tegish holati sodir bo‘lganini tasdiqladi.

“Qizaloqning ota-onasi ichki ishlar bo‘limiga kecha (7 sentabr – tahr.) murojaat qilgan. Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Agar Surxondaryoga kelsangiz, ish bo‘yicha batafsil ma’lumot berishim mumkin”, – dedi prokuror. Ammo u voqeada 8-sinf o‘quvchisi qatnashganini inkor qildi.

“Yo‘q, bola to‘rtinchi sinf. Qiz va uning nomusiga tekkan bola sinfdosh”, – dedi prokuror.

U, shuningdek, voqea yoritilmasa yaxshi bo‘lishini ham qo‘shimcha qildi.

Kun.uz muxbiri surishtiruv harakatlarini olib borayotgan Sariosiyo tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Qurbonov bilan ham bog‘landi.

Qurbonov bo‘lgan voqeani va ishda chindan ham to‘rtinchi va sakkizinchi sinfda o‘quvchi aka-ukalar qatnashganini tasdiqladi, ammo voqeani bosdi-bosdi qilishga urinish bo‘lganini inkor qildi.

“Yo‘q, ochib bo‘lingan ish bo‘lsa, yopib nima qilamiz? Bu ish ro‘yxatga tushgan, yopib bo‘lmaydi. Biz aka-ukalarni chaqirdik, bo‘lgan voqeani tasdiqlashdi”, – dedi tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “a” bandiga ko‘ra, bir guruh shaxslar tomonidan nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish – bu qilmish shaxsning 18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan holda sodir etilsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining 17-moddasiga ko‘ra, shaxs yuqoridagi modda bilan javobgarlikka tortilishi uchun 14 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid