19:57 / 09.09.2022
13084
“Bunyodkor” klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi yig‘ilishda klub bosh direktori va bosh murabbiyi lavozimidan ozod etildi
Foto: O‘zbekneftgaz

Yig‘ilish avvalida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda millionlar o‘yini bo‘lgan va mamlakatimizda alohida o‘rin tutadigan futbolni rivojlantirish hamda taraqqiy ettirishga katta e’tibor qaratilayotgani, bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-sonli farmoni yaqqol misol ekani ta’kidlab o‘tildi.

“Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev boshchiligida klub rahbariyati, futbolchilar va Fan klub a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘nggi vaqtda klubdagi nosog‘lom muhit, klubning Superligadagi salbiy ishtiroki keskin tanqid qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda futbolni 2030 yilgacha rivojlantirishning yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi, O‘zbekistonda futbolni 2030 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari qabul qilingani, uning ijrosiga mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilangani aytib o‘tildi.

Shunga qaramay, bugungi kunda “Bunyodkor” futbol klubida berilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarsiz holatda, natijalar esa achinarli ahvolda ekanligi, holatni yaxshilash va sog‘lomlashtirish uchun klubda va direksiya rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshirilgani bildirildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Barcha sharoitlar yaratib berilganiga qaramay kutilgan natijani bermayotgani, bunga so‘nggi vaqtlarda, asosiy jamoaning ko‘rsatayotgan o‘yinlari va erishgan natijalaridan ham ko‘rish mumkinligi, xususan, Superliga joriy mavsumining 18-turidan so‘ng jamoa 20 ochko jamg‘argan holda 9-o‘rinda borayotgani tanqid ostiga olindi.  

Ta’kidlash kerakki, 18 ta o‘yinda 20 ta gol urilgan bo‘lsa, 29 ta to‘p o‘tkazib yuborilgan yoki to‘plar nisbati – 9. Superliganing 2021 yil mavsumida jamoa 18-turdan so‘ng 29 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinni egallab turgan edi. To‘plar nisbati esa + 12.

Foto: O‘zbekneftgaz

Mehriddin Abdullayev holat shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, “Bunyodkor” o‘zi tarixidagi eng sharmandali holatga tushishi, achinarlisi esa Superligani joriy yil yakuni bilan tark etishi mumkinligidan xavotir bildirdi. 

Bunday salbiy natijalar uchun avvallari moliyalashtirishdagi muammolar bahona qilingani, hozirda moliyalashtirishda muammo yo‘qligi aksincha klub va direksiya uchun zarur barcha mablag‘lar, oylik-maoshlari va mukofot pullari o‘z vaqtida moliyalashtirilayotgani aytildi. 

Yuqoridagilar klub direktori Mirzayev Ulug‘bek hamda asosiy jamoa murabbiyi Viktor Karpenkoning o‘z vazifalarini yetarli darajada bajarmayotganligidan dalolat berayotgani ma’lum qilindi hamda yuqoridagilardan kelib chiqib, klub direktori Ulug‘bek Mirzayev lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga “Bunyodkor” Akademiyasi direktori Aziz Haydarov tayinlandi. 

Foto: O‘zbekneftgaz

Asosiy jamoa murabbiyi Viktor Karpenko o‘rniga “Bunyodkor” U-21 jamoasi bosh murabbiyi Ivan Boshkovich tayinlanadi. Boshkovich futbolchi va murabbiy sifatida Yevropa futboli bilan tanish. Uning tajribasi jamoadagi natijalarni o‘zgartirishiga umid bildirildi.

Ivan Boshkovichga avvalo jamoadagi muhitni o‘zgartirish, futbolchilar bilan alohida ishlash bo‘yicha topshiriq va vazifalar berildi. Shuningdek, Bosh murabbiy faoliyatiga har qanday aralashuv jazolanishi ta’kidlandi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Akademiya rahbari sifatida shu kunga qadar faoliyat yuritib kelgan Aziz Haydarovning Klub Bosh direktori bo‘lgani sabab, “Bunyodkor” akademiyasi direktorligiga Akademiyada faoliyat yuritib kelayotgan Islom Ahmedov tayinlanadi. 

Islom Ahmedov futbolda katta tajribaga ega ekspert hisoblanib, Akademiya rahbarligiga aynan shunday mutaxassis kerakligi bugungi kun talabi ekanligi aytildi. 

Foto: O‘zbekneftgaz

Barcha tayinlanayotgan mutaxassislar katta tajribaga ega hamda “Bunyodkor” klubida o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar. Ulardan klubning bugungi kundagi holatidan xulosa qilgan holda, qisqa muddatda klub faoliyatini sog‘lomlashtirish, natijalarni yaxshilash, islohotlarni amalga oshirish orqali Osiyo va yurtimiz futbolidagi nufuzini oshirishlari talab etiladi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top