20:03 / 12.09.2022
13832
"Bilimi mendan yaxshi bo‘lgan sinfdoshim qorovullik qilyapti" – Toshqulov eski tizim qobiliyatlarni boy bergani haqida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov o‘qishga kirishda 5 ta yo‘nalish tanlash imkoniyati ahamiyatini isbotlash uchun o‘z hayotidan misol keltirdi.

Talabalarni turar joy bilan ta’minlash va kontrakt mavzulariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Abduqodir Toshqulov OTMga o‘qishga hujjat topshirishda 5 yo‘nalishni tanlash imkoniyatiga to‘xtaldi. Vazirning ta’kidlashicha, eski ta’lim tizimi qobiliyatli kishilarni boy berib qo‘ygan.

“Mening bir sinfdoshim, tan olishim kerak, ko‘pgina fanlardan bilimi mendan yaxshiroq edi. Men 5 daqiqada matematikadan misol yechsam, u boshqa yo‘l bilan 3 daqiqada ishlar edi. U nuqul Toshkentga keldi. O‘sha davrlarda iqtisodiy yo‘nalishlar o‘tish balli 200 dan past emasdi. Keladi, 189 ball oladi, qaytadi, 192 ball oladi, qaytadi.

Men 177 ball bilan o‘zimning viloyatimda o‘qib, mana bugun sizga hisobot beradigan darajada prezident va xalq ishonchi bilan keldim. U 5 yil shunaqa bo‘lib, shu bilan o‘qimadi. Yaqinda borib, kasbini so‘rasam, maktabda qorovul ekan. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. O‘sha davrdagi ta’lim siyosati shunaqa qobiliyatni boy berib qo‘ydi.

Hozir ham o‘qisam bo‘ladimi, deb so‘rayapti. Haliyam olovi o‘chmagan. Hozir 5 ta yo‘nalishni belgilash qanchalik katta imkoniyatligini shu misol bilan prizmadan bir o‘tkazib ko‘ring. U bir joyda o‘qib, davlatga yaxshi xizmat qiladigan mutaxassis bo‘la olardi.

Men qorovullik kasbini pastga urmoqchi emasman. Har kim qobiliyatiga, sharoitiga yarasha ishni qilishi kerak. Biz qobiliyatni yo‘qotib qo‘ydik”, – dedi vazir. 

Top