21:49 / 24.09.2022
9039
Tojikiston bosh prokuraturasi qirg‘izistonlik harbiylar va fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi 

Avvalroq Qirg‘iziston bosh prokuraturasi tinchlikka qarshi jinoyat moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi. 

Foto: RIA Novosti

Tojikiston bosh prokuraturasi bir guruh Qirg‘iziston harbiy xizmatchilari va fuqarolariga zo‘ravonlik, ikki va undan ortiq kishini o‘ldirish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro me’yorlarni qasddan buzish ayblovlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, qirg‘iz harbiylari Tojikiston mustaqilligi, yaxlitligiga putur yetkazish va mamlakat hududini bosib olish maqsadida turli rusumdagi harbiy texnika va o‘qotar qurollardan foydalanib Isfara, Konibodom, Bobojon G‘ofurov, Jabbor Rasulov va Lahsh shahar va rayonlaridagi Tojikiston chegara o‘tkazuv punktlari va aholi maskanlariga qurolli hujum uyushtirgan.

«Qirg‘iziston Tojikiston hududini egallab olish maqsadida avvaldan tajovuzkor urushni rejalashtirgan va chegaraoldi rayonlarda og‘ir turdagi yerusti va havo harbiy texnikalarini va ko‘psonli harbiylarni joylashtirgan. Shu bilan birga, Qirg‘izistonning chegara atrofida yashaydigan 140 mingdan ortiq fuqarosi avvaldan boshqa rayonlarga evakuatsiya qilingan», - deyiladi bayonotda. 

Qayd etilishicha, qirg‘iz harbiylari Tojikistonning 4 shahar va rayoniga birdaniga hujum uyushtirgan, ular qasddan maktab, masjid, shifoxona kabi fuqarolik obektlariga hujum qilgan.

Tojikiston bosh prokuraturasi (tajovuzkor urush keltirib chiqarish yoki olib borish, ikki va undan ortiq shaxslarni o‘ldirish, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro me’yorlarni qasddan buzish, diversiya kabi moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Avvalroq Qirg‘iziston bosh prokuraturasi tinchlikka qarshi jinoyat moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

Qirg‘iziston ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston bilan chegaradagi mojaro keskinlashishi natijasida mamlakatning 59 nafar fuqarosi halok bo‘lgan, jarohatlanganlar soni 183 kishini tashkil qilgan.  

Tojikiston tomoni o‘z navbatida 41 nafar tojikistonlik halok bo‘lgani, 30 ga yaqin kishi jarohatlanganini bildirdi. 

Mavzuga oid
Top