16:00 / 26.09.2022
10433

Andijon pedagogika instituti tajribasi: talabalar uchun yotoqxona yonida ishlab chiqarish korxonasi

Andijon davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida yangi tashkil etilgan bo‘lib, 2021-2022 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshladi.

Kunduzgi bakalavr ta’lim bosqichida 2744 nafar talaba-yoshlar tahsil olayotgan institutda talabalar turar joyi masalasi yuz foiz ijobiy hal etilgani e’tiborga molik.   

Mavjud 2 ta yotoqxona 1271 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, shu kunga qadar respublikamizning uzoq viloyatlari va Andijonning chekka tumanlaridan kelib ta’lim olayotgan 1171 nafar talaba turar joy bilan ta’minlandi.  

Talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, xotin-qizlarni kasb hunarga o‘rgatish maqsadida do‘ppido‘zlik, kosmetologiya, pazandalik to‘garaklari, ingliz, rus tillarini o‘rgatishga moslashgan o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

2023 yilda 400 o‘rinli 1 ta, 2025 yilda xuddi shuncha o‘ringa ega davlat-xususiy sherikchilik asosida talabalar turar joylari qurilishi belgilangan.   

Talabalar turar joyi hududida Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan «Talabalar» tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi. Korxonada hozirda darsdan bo‘sh vaqtda ishlash ishtiyoqi bo‘lgan 120 nafar talaba-qizlar bandligini ta’minlanmoqda.

Har bir qavatda maishiy xonalar, yuvinish xonalari, ma’naviyat xonalari hamda WIFI mavjud.

“So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan oliy ta’limga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bizning Andijon davlat pedagogika institutining faoliyat boshlashi ham bunga bir misoldir. Talabalar soni oshishi o‘z-o‘zidan ularning yotoqxonalarga bo‘lgan talabini oshirdi.

Ayni paytda bizning institutda yotoqxona bo‘yicha muammo yo‘q. Muassasamizda 2744 nafar talaba kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan bo‘lsa, ulardan 934 nafari boshqa viloyatlardan keladi. Biz birinchi navbatda mana shu talabalar, ayniqsa qizlarni yotoqxona bilan ta’minladik.  

Yana bir jihat, biz yoshlarimizning vaqtini foydali ish bilan band qilgan holda o‘tkazishni yo‘lga qo‘yganmiz. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning tashabbusi bilan “Talabalar shaharchasi”da “Harir tola” korxonasi bilan hamkorlikda “Talabalar” tikuv sexini  ishga tushirdik. Hozir bu yerda 120 nafar qizlarimiz hunar o‘rganib, daromad topishmoqda.

Talabalarning ovqatlanishini yo‘lga qo‘yishda mahalliy hokimiyat bilan birgalikda o‘ziga xos loyiha yaratdik. Hududdagi 350 o‘rinli oshxonada “Daladan-dasturxonga” loyihasi asosida dehqon fermerlar tomonidan yetishtirilgan hosilni to‘g‘ri yetkazib kelib arzon narxdagi sifatli taomlar pishirilmoqda. Narxi talabalarga og‘irlik qilmaydi. Nonushta narxi 8 ming so‘m, tushlik 12 ming so‘m, kechki ovqat 10 minggacha bo‘lgan narxlarda tayyorlanadi”, — deydi institut rektori Baxtiyorjon Rasulov.

Biz talabalar turar joyidagi  yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik.

Andijon davlat pedagogika instituti Ⓣ

Top