11:10 / 26.09.2022
4292

Toshkentda soxta shartnoma orqali uy sotishga urinish holati aniqlandi

Chilonzor tumanida soxta shartnoma orqali uy-joy sotmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, “Sh.X.” MChJ rahbari Sh.A. fuqaro X.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki Sergeli tumani hududidan 9 qavatli turar joy majmuasini qurayotganligini aytgan.

Qayd etilishicha, u fuqaro bilan ushbu turar joy majmuasidan 89 kvadrat metrli xonadonni 480 mln so‘mga sotishga kelishib, evaziga soxta shartnoma taqdim etib, 10 000 AQSh dollari va 130 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top