13:37 / 27.09.2022
5774
Buyuk Britaniya Rossiyaga «referendumlar» uchun sanksiyalar joriy qildi

Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytiryapti.

Foto: FE

Britaniya Ukrainadagi noqonuniy «referendumlar»ga javoban Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Tegishli xabar mamlakat hukumati saytida joylashtirildi.

Sanksiyalar Ukrainaning to‘rtta hududida noqonuniy ovoz berishni ta’minlagan Rossiyaning yuqori martabali amaldorlariga, shuningdek, «Putinning sevimli PR-agentligiga» qarshi qaratilgan», — deyiladi xabarda. 

«Rossiya rejimi yerlarni egallab olish va noqonuniy urushini oqlash uchun umidsiz urinishda bu soxta referendumlarni uyushtirdi. Bu jarayon ularning Qrimdagi 2014 yilda dezinformatsiya, qo‘rqitish va soxta natijalarni o‘zida mujassam etgan yondashuvini aks ettiradi», - deya ma’lum qildi Buyuk Britaniya hukumati. 

Sanksiyalar boyligi 6,3 milliard funt sterling (7 milliard yevro) bo‘lgan oligarxlar va Rossiyaning eng yirik davlat banklari direktorlar kengashi rahbarlariga ham ta’sir qiladi. 

«Qurol o‘qtalish orqali o‘tkazilayotgan soxta referendumlar erkin yoki adolatli bo‘lishi mumkin emas va biz ularning natijalarini hech qachon tan olmaymiz», - dedi qirollik tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverli.

Bundan oldin AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaning bosib olingan hududlarida o‘tkazilgan «referendum»ni xalqaro huquqni buzuvchi soxta jarayon deb atagandi. U bunga javob tez va keskin bo‘lishini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT nizomining asosiy tamoyillarini hurmat qiladigan har qanday davlat kabi AQSh ham bu «referendumlar»ning uydirma natijalarini rad etadi. Vashington o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Ukraina xalqi xavfsizligini ta’minlash, Rossiya agressiyasini qaytarishda qo‘llab-quvvatlash va yordam berishda davom etadi. 

Bundan tashqari, AQSh va uning hamkorlari soxta referendumlar uyushtirgani uchun Kremlga qarshi «tez va qattiq» iqtisodiy choralar ko‘rish uchun birgalikda harakat qiladi, deya ogohlantirdi Oq uy rahbari.

BMT Bosh assambleyasining 77-sessiyasida so‘zlagan AQSh prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan rossiyaliklarni Ukrainaga qarshi urushga safarbar qilish va yadro qurolidan foydalanish tahdidini «mas’uliyatsizlik» deb atadi. «Yadro urushida g‘alaba qozonib bo‘lmaydi va u hech qachon olib borilishi kerak emas» dedi Bayden. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top