20:25 / 27.09.2022
20929

Puldor rossiyaliklar mamlakatni xususiy samolyotlarda tark etmoqda

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21 sentabrdan buyon Qozog‘istonning o‘ziga 98 mingga yaqin rossiyalik o‘tgan.

Maksim Konstantinov/Global Look Press

Puldor rossiyaliklar Putin e’lon qilgan safarbarlikdan qochish uchun mamlakatdan xususiy samolyotlarda uchib ketishmoqda. Ular bitta joy uchun 1,2-1,5 mln rublgacha to‘lashmoqda, ammo mana shunday yuqori narxda ham barcha xohlovchilarga joy topilmayapti, deb yozadi The Guardian.

Your Charter kompaniyasi direktori Yevgeniy Bikov vaziyatni «mutlaq telbalik» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiy samolyotlarga bo‘lgan talab kuniga 50 tadan 5 mingtagacha oshdi. Kompaniya barcha xohlovchilar uchun joy topib bera olmayapti, shu sababli talabni qondirish va narxni pasaytirish uchun yirikroq samolyotlarni ijaraga olmoqda. Ammo muammo yana shundaki, xususiy samolyotlar bilan shug‘ullanuvchi Yevropa firmalari sanksiyalar tufayli Rossiya bozoridan chiqib ketgan.

Kompaniyalar o‘z xodimlarini olib chiqib ketish uchun butun reysni ijaraga olgan holatlar bor. Rossiyaliklar asosan vizasiz kirish mumkin bo‘lgan Armaniston, Turkiya yoki Ozarboyjonga yo‘l olmoqda. Henley & Partners kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oxiriga borib millionerlarning 15 foizi urush sababli Rossiyani tark etishi mumkin.

21 sentabrda Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng mamlakatning quruqlikdagi chegara punktlarida bir necha kunlik navbatlar paydo bo‘ldi. Gruziya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston va Finlandiya bilan chegaralarda tirbandliklar yuzaga keldi. Shuningdek, rossiyaliklar yaqin kunlar uchun vizasiz mamlakatlarga barcha aviachiptalarni sotib olishdi. 25 sentabrdan aeroportlarda rossiyaliklarga chegarani kesib o‘tishga rad javobi berish holatlari qayd etilmoqda. Shu kundan Rossiya FXX chegarachilari Rossiya aeroportlarida safarbarlikka chaqiriluvchi odamlarning ro‘yxatini olishni boshladi. 

Rossiya nashrlari yozishicha, «DXR», «LXR» va Xerson hamda Zaporijjya oblastlarida o‘tkazilgan referendumlar natijalari e’lon qilinganidan keyin safarbarlik yoshidagi erkaklarga Rossiyadan chiqishni cheklash rejalashtirilmoqda. Taqiq 28 sentabr kuni joriy etilishi mumkin. 26 sentabr kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov chegaralar yopilishi haqida hech narsani bilmasligini aytdi, uning so‘zlariga ko‘ra, «hozirda bu borada hech qanday qaror qabul qilinmagan».

Oxirgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21 sentabrdan buyon Qozog‘istonning o‘ziga 98 mingga yaqin rossiyalik o‘tgan, Rossiya-Gruziya chegarasidagi «Verxniy Lars» nazorat punktidan har ikki yo‘nalishda 37 mingdan ortiq transport va 115 mingdan ortiq odam harakatlangan. Rossiya-Finlandiya chegarasini 20 mingdan ortiq rossiyalik kesib o‘tgan.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Top