07:32 / 03.10.2022
2613
Avtomobil saqlash joyiga ayrim mashinalar DYHXX ma’lumotnomasisiz qabul qilinmaydi

Avtomobillarni saqlash joylariga ayrim transportlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlari ma’lumotnomasisiz qabul qilinmaydi.

Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ular quyidagilar: yonilg‘i yoki moy, suyuq va suyultirilgan gaz sizib turgan; saloni yoki bagajnigida tez yonuvchi, portlash xavfi bo‘lgan, radioaktiv yoki zaharli moddalar bo‘lgan; yo‘l-transport hodisasi natijasida texnik jihatdan shikastlangan.

Og‘irligi 3,5 tonnadan ko‘p va haydovchi o‘rindig‘idan tashqari, o‘tirish joylari 8 tadan ko‘p bo‘lgan transportlar ham doimiy va vaqtincha saqlash uchun avtomobil to‘xtash joylarida saqlashga qabul qilinmaydi.

Avtomototransport vositalarini saqlash xizmatlari avtomobillar to‘xtash joylarida faqat yuridik shaxslar tomonidan ko‘rsatiladi. Avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash joylarini tashkil etish uchun yer uchastkalari Yer kodeksida belgilangan tartibda ajratiladi. Avtomototransport vositalarini doimiy yoki vaqtincha saqlash xizmatlari ko‘rsatish uchun yer uchastkalarini ijaraga (subijaraga) berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash joylari quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • qattiq qoplama, yoritish, axlatni to‘plash uchun konteynerlar, yong‘inga qarshi vositalar, qattiq shataklar va shatakka oluvchi trosslar mavjudligi;
  • yo‘l harakati xavfsizligi talablarini ta’minlaydigan hududga kirish va undan chiqish uchun maxsus ajratilgan joylarning mavjudligi;
  • hudud to‘silgan bo‘lishi yoxud kirish (chiqish) uchun maxsus ajratilgan joyni aylanib o‘tib hududga erkin kirish (undan chiqish) imkonini bermaydigan boshqa to‘siqlarga ega bo‘lishi;
  • avtomototransport vositalari erkin kirishi (chiqishi)ni istisno etuvchi shlagbaum (yoki boshqa qurilma) mavjudligi;
  • agar bir necha qatorlarda avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash imkoniyati mavjud bo‘lsa, hudud ichida avtomototransport vositalari harakatlanishi uchun ajratilgan polosalar mavjudligi;
  • kirish (chiqish) uchun ajratilgan joyda nazoratchi-kassir xonasi (budkasi) bo‘lishi kerak, uning tashqi tomoniga ko‘rinarli joyda avtomototransport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish tariflari va shartlari yirik harflarda yozilgan (harflarning yirikligi kamida 3 sm bo‘lgan) yozuv joylashtiriladi;
  • avtomototransport vositalarini joylashtirish tegishli sxemasi mavjudligi;
  • avtomototransport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs, ish rejimi, telefon raqami ko‘rsatilgan «Pulli avtomobillar to‘xtash joyi» lavhasi mavjudligi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar avtomototransport vositalari uchun maxsus jihozlangan kamida ikkita joy mavjudligi.
Mavzuga oid
Top