19:54 / 05.10.2022
18752
Yevroittifoqqa uchinchi tashrif. Mirziyoyevning Budapeshtga safarida nimalarga kelishildi?

Vengriya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi yangi strategik sherigiga aylandi. Xususan, Jizzaxda qurilajak AESda Vengriyaning sovitish tizimlaridan foydalaniladi. Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga tashrifining asosiy jihatlari – Kun.uz sharhida.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3–4 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Budapesht shahrida Vengriya prezidenti Katalin Novak va bosh vazir Viktor Orban bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Yangi strategik sheriklar

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati
Foto: Vengriya prezidentining matbuot xizmati

O‘zbekiston–Vengriya munosabatlari 2021 yil mart oyida, Viktor Orbanning Toshkentga tashrifi vaqtida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan edi. Mirziyoyevning Budapeshtga safari bunga javob tashrifi bo‘ldi.

Muloqotlarda ikki davlat munosabatlari hech qachon hozirgichalik yaqin bo‘lmagani bot-bot ta’kidlandi. Xususan, Viktor Orban O‘zbekistonni Vengriyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi “o‘ta muhim sherigi” deb atadi.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy, xavfsizlik, iqtisodiy va energetik nuqtayi nazarlardan strategik maqomga ega”, dedi mojarlar hukumati rahbari.

Viktor Orban bilan tor doiradagi muzokara / Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. Bundan tashqari, turli yo‘nalishlarda 15 ta hujjat qabul qilindi.

Savdo aloqalari hozircha ancha sust

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi oxirgi 5 yilda salkam 3 barobarga o‘sgan bo‘lsa ham, raqamlarni katta deb bo‘lmaydi: 2021 yilda o‘zaro savdo-sotiq 60 mln dollar bo‘lgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari top-20taligida oxirgi o‘rinda bo‘lgan Fransiya bilan savdo aylanmasi 280 mln dollar edi.

Budapeshtdagi muzokaralarda tomonlar kelajakda ikki tomonlama tovar ayirboshlashni 500 mln dollarga yetkazishga kelishib oldi. Bunda O‘zbekiston Yevroittifoqning “GSP+” dasturiga qabul qilingani muhim rol o‘ynashi qayd etildi.

Vengriya uchun alohida sanoat zonasi

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Muzokaralarda o‘zaro savdo-sotiqdan tashqari, sarmoyaviy hamkorlik haqida ham so‘z bordi.

Asosiy yo‘nalishlar – qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyani jonlantirishga kelishildi. Ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tuziladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan alohida sanoat zonasi yaratilishi mumkin. Zona barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlanishi reja qilinmoqda.

Foto: Vengriya prezidentining matbuot xizmati

Erishilgan kelishuvlar ijrosiga ko‘maklashish uchun Budapeshtda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi ochiladigan bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Mojaristonning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan muloqot qilib, ularni O‘zbekiston bilan qiziqishga chaqirdi.

Qo‘shimcha qilish lozim, tashrif oldidan bo‘lib o‘tgan biznes-forumda qiymati 1 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangan edi.

Imzolangan hujjatlar

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari / Foto: Vengriya TIV matbuot xizmati

Hujjatlar paketida 2023-2024 yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur, fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi hamda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha harakatlar rejasi alohida ahamiyatga ega.

Shuningdek, 2 ta bitimga ham imzo chekildi: “Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risida”, “Fanni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida”.

Qolgan hujjatlar – memorandumlar. Bojxona, adliya, atrof-muhitni muhofaza qilish, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi, uzumchilik, investitsiya sohalarida; O‘zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi va Vengriya Davlat xizmati universiteti, Samarqand viloyati va Xaydu-Bixar okrugi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Tashqi ishlar va savdo instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar shular jumlasidan.

Yadro sohasidagi hamkorlik

Foto: Vengriya hukumati matbuot xizmati

Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralardan tashqari, O‘zbekiston va Vengriya vazirlari va boshqa rasmiy shaxslari o‘rtasida ham alohida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning o‘zbekistonlik hamkasbi Vladimir Norov bilan o‘tkazgan uchrashuvdan keyin ma’lum qilishicha, yadroviy energetika sohasida kompleks hamkorlik dasturi – ikki davlat strategik hamkorligining muhim asoslaridan biri bo‘ladi.

“U uchta qismdan iborat bo‘ladi. Birinchisi, O‘zbekistonda qurilayotgan AESda Vengriya sovitish tizimlaridan foydalaniladi. Bundan tashqari, ushbu kompleks hamkorlik uchun ta’lim asosi bo‘ladi. Vengriya har yili o‘zbekistonlik oliy o‘quv yurtlari talabalariga 170 ta stipendiya ajratadi. Ularning bir qismi, yadroviy energetika sohasidagi bo‘lajak injyener va ekspertlar Vengriyada tayyorlanadi”, – dedi Siyyarto.

Novak va Orban O‘zbekistonga keladi

Shavkat Mirziyoyev Qahramonlar maydonidagi xotira ustuni poyiga gulchambar qo‘ydi. Budapesht / Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Vengriya prezidenti va bosh vazirini O‘zbekistonga taklif qildi.

Katalin Novak O‘zbekiston yetakchisining o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga kelish taklifiga javoban, Twitter sahifasida Toshkentga bo‘lajak rasmiy tashrifini “intiqlik bilan kutayotgani”ni yozib qoldirdi.

Viktor Orban esa 11 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida ishtirok etadi. Eslatib o‘tamiz, bu tashkilot Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining o‘rniga tuzilgan. Vengriya tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.

Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston prezidentining Budapeshtga safarini Turkiy davlatlar tashkilotida ijobiy qarshi olishdi. Tashkilot matbuot kotibi Qahramon Halischelik 4 oktyabrni “birodar turkiy davlatlar uchun yana bir tarixiy kun” deb atadi.

Vengriya TIVning Turkiy davlatlar tashkiloti bo‘yicha rasmiy vakili Julia Popelich Shavkat Mirziyoyevning prezident sifatida ikkinchi muddatga saylanganidan keyin Yevropa Ittifoqiga ilk safari aynan Vengriyaga bo‘lganiga urg‘u berdi.

Yevroittifoq davlatlariga uchinchi tashrif

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Vengriya – Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida borgan, Yevropa Ittifoqiga a’zo uchinchi davlat bo‘ldi.

U bungacha 2018 yil oktyabrda Fransiyaga, 2019 yil yanvarida Germaniyaga tashrif buyurgandi.

E’tiborlisi, bu har uchala tashrif ham davlat tashrifi emas, rasmiy tashrif maqomida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Endilikda Shavkat Mirziyoyev yo ishchi tashrif, yo rasmiy tashrif, yoki davlat tashrifi bilan borgan mamlakatlar soni 19 taga yetdi. O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti hozircha eng ko‘p Rossiyaga – 9 marta borgan. U hozirga qadar Qozog‘iston va Turkmanistonga 8 martadan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoyga esa 4 martadan, Turkiyaga 3 marta tashrifni amalga oshirdi.

Davlat rahbari Hindiston, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, BAA va AQShga 2 martadan borgan bo‘lsa, Fransiya, Germaniya, Vengriya, Ozarboyjon, Belarus, Pokiston va Yaponiyaga 1 martadan tashrif buyurdi.

Shavkat Mirziyoyev shu yil oxirigacha ilk marta Belgiyaga tashrif buyurib, Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangilangan bitimni imzolashi mumkin.

Mavzu
O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi
O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda birinchi Atom elekt stansiyasi qurilishi bo‘yicha harakatlar boshlandi
Barchasi
Mavzuga oid
Top