11:03 / 06.10.2022
12236
IBA Rossiya va Belarus bokschilariga musobaqalarda qatnashishga ruxsat berdi

Xalqaro boks assotsiatsiyasi qaroriga ko‘ra, Rossiya va Belarus sportchilari o‘z mamlakatlari bayroqlari ostida musobaqalarda qatnasha oladi. Rossiyalik tomonidan boshqariladigan IBA sportda siyosat bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) direktorlar kengashi Rossiya va Belarus bokschilarining IBA shafeligidagi musobaqalarga kiritilishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. «IBA siyosat sportga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi kerakligiga qat’iy ishonadi. Shuning uchun barcha sportchilarga teng sharoit yaratilishi kerak», - deya e’lon qildi rossiyalik Umar Kremlyov 5 oktyabr, chorshanba kuni.

Xalqaro boks assotsiatsiyasining qarori darhol kuchga kiradi. Bundan buyon Rossiya va Belarus sportchilari IBA musobaqalarida o‘z mamlakatlari bayroqlari ostida ishtirok etishlari, g‘alaba qozonishsa, o‘z mamlakatlari madhiyalari yangrashi, jamoalar vakillari musobaqalarga tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi. Xabarda, shuningdek, IBA siyosiy jihatdan betaraf, mustaqil va «barcha mojarolarda tinchlikparvar» bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) butun dunyo sport tashkilotlarini Rossiya va Belarusda o‘tkaziladigan tadbirlardan bosh tortishga, bayroqlarini ko‘tarmaslikka, rossiyalik va belaruslik sportchilarni xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslikka, bu davlatlarning rasmiylarini ularga taklif qilmaslikka chaqirdi. Aksariyat sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari, jumladan, IBA ushbu tavsiyalarga amal qilgan.

Umar Kremlyov may oyida IBA prezidenti etib qayta saylandi. U raqobatsiz nomzod bo‘ldi. Sentabr oyida uning tayinlanishi IBA'ning navbatdan tashqari kongressida tasdiqlangan. Boksdan tashqari, rossiyalik sportchilar dzyudo, bobsley va stol tennisi bo‘yicha xalqaro musobaqalarga ham kiritiladi.

Navbatdan tashqari kongressga bir necha kun qolganda assotsiatsiya Ukraina boks federatsiyasi a’zoligini to‘xtatdi, deya ta’kidlaydi OAV. Bunga Ukrainaning IBA ishlariga aralashgani va Kiyevning Kremlyov qarorlarini tan olmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Kremlyov Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin yirik xalqaro sport tashkilotlari rahbarligida qolgan ikki rus fuqarosidan biri. Rossiyalik milliarder Vladimir Lisin Xalqaro o‘q otish federatsiyasini boshqaradi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi hali boksni Los-Anjyeles-2028 musobaqalar dasturiga kiritmadi va IBA «Gazprom»ga moliyaviy qaramlikdan xalos bo‘lishi kerakligini aytdi. Boks bo‘yicha musobaqalar Olimpiada o‘yinlarida 1904 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda, 1912 yilda Stokholmdagi o‘yinlar bundan mustasno.

Mavzuga oid
Top