20:57 / 07.10.2022
13365

Mask Tayvan va Xitoy o‘rtasidagi mojaroga yechim taklif qildi

Amerikalik biznesmen Ilon Mask Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi mojaro haqida fikr bildirdi. Unga ko‘ra, hozirgi vaziyatda Tayvan Xitoyning maxsus ma’muriy hududi maqomini olishi kerak. 

Foto: Reuters

«Men Tayvanni maxsus ma’muriy hudud sifatida belgilashni tavsiya qilgan bo‘lardim, garchi bu hammaga ma’qul kelmasligi mumkin. Va menimcha, ular Honkongga nisbatan yumshoqroq shartlarda bitim tuzishi mumkin edi», dedi janob Mask Financial Times gazetasiga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tayvan mojarosi jahon iqtisodiyotiga yalpi ichki mahsulotning taxminan 30 foizi miqdorida zarar yetkazishi mumkin. 

Honkongning asosiy qonuniga ko‘ra, mahalliy hokimiyat organlari mudofaa va tashqi siyosatdan tashqari ma’muriy hududning barcha masalalarini hal qiladi. Bitim Honkongning Pekindan mustaqilligini kafolatlaydi. 8 may kuni Honkong ma’muriyati rahbari saylovida Jon Li g‘alaba qozondi. Siyosatchi Xitoy hukumatiga sodiqligi va Pekin bilan yaqin aloqalari bilan mashhur. 

Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi mojaroning kuchayishi AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining tashrifi fonida yuz berdi. Keyinchalik Amerikaning bir qator siyosiy delegatsiyalari ham orolga tashrif buyurishdi. Xitoy AQSh harakatlarini «yagona Xitoy siyosati»ning buzilishi deb hisoblaydi. Pekin AQShga norozilik bildirdi va muntazam ravishda jangovar mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Vashington Xitoy tomonidan orolga keng miqyosli hujum uyushtirilgan taqdirda Tayvanni himoya qilish niyati borligini bildirdi. 

Avvalroq janob Mask Twitter ijtimoiy tarmog‘ida Ukrainadagi vaziyat haqida bir necha bor gapirgan, Qrimni Rossiyaniki deb tan olish va Ukrainaning neytral maqomini mustahkamlashni ko‘zda tutadigan rejani taklif qilgan edi. Shuningdek, u Ukraina tomonining maxsus operatsiyada g‘alaba qozonishini dargumon deb atadi. Keyinroq, u Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini, lekin uchinchi jahon urushi bo‘lishini istamasligini aytdi.

 

Top