20:20 / 08.10.2022
24637

Manba: Qrim ko‘prigidagi portlashga Ukrainaning aloqasi bor 

Ukraina ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, Qrim yarimorolini Rossiya bilan bog‘lab turuvchi ko‘prikning portlatilishiga Ukraina xavfsizlik xizmatining aloqasi bor. 

Foto: RIA Novosti

Qrim ko‘prigini portlatish — Ukraina xavfsizlik xizmatining (UXX) operatsiyasi, deb yozdi «Ukrainskaya pravda» huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib. Shuningdek, UNIAN ham huquq-tartibot idoralaridagi o‘z manbasiga tayangan holda, portlashga UXX aloqador ekanini yozdi. 

Hozircha UXX Qrim ko‘prigidagi portlash uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmadi. UXX matbuot kotibi Artem Degtyarenko bayonotiga ko‘ra, idora bunday yangiliklarga izoh bermaydi. 

«Biz bu portlashda UXX yoki Ukrainaning boshqa biror davlat idorasi roli haqida faqat yakuniy g‘alabamizdan so‘ng fikr bildiramiz», dedi Degtyarenko. 

Ukraina rasmiylari ham portlashda mamlakat harbiylari yoki maxsus xizmatlari ishtirok etgani haqida ochiq bayonot bermadi. Avvalroq, ular Qrim ko‘prigini zarbalar uchun qonuniy nishon sifatida ko‘rishini bir necha bor ta’kidlagan edi. 

Ukrainaning «Politika strany» telegram kanali yozishicha, portlash Ukrainaning maxsus operatsiyasi ekani — asosiy versiya. Ammo, urush eskalatsiyasiga intilayotgan «Kremldagi guruhlar» ko‘rsatmasiga binoan, Rossiya maxsus xizmatlari aralashgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi fitna nazariyasini ham ilgari surdi. 

Hozircha, Ukraina Mudofaa vazirligi va UXX portlashga aloqadorligini rasman tan olmadi. Ammo ular aprel oyida «Moskva» kreyserining cho‘kib ketishi yoki avgust oyida Qrimdagi harbiy aerodromdagi portlashlar uchun javobgarlikni ham darhol o‘z zimmasiga olmagandi, shu bilan birga, ishtirok etganini inkor ham qilishmagan edi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hodisa sabablarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasini tuzishni buyurdi. Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi yuk mashinasining ko‘prikda portlashi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Eslatib o‘tamiz, 8 oktabr kuni Qrim yarimorolini Rossiyaning quruqlikdagi qismi bilan bog‘lovchi ko‘prikda yuk ortilgan avtomobil portlab ketishi oqibatida inshootga jiddiy zarar yetkazildi. Ko‘prik bo‘ylab temiryo‘l va avtomobil transportining harakati to‘xtab qoldi. Milliy antiterroristik qo‘mita hodisani qo‘poruvchilik harakati deb baholadi. 

Rossiya Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, portlash oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Ularning avtomobili portlab ketgan yuk avtomobilini quvib o‘tayotganida zarba to‘lqini ostida qolgan. 

Yuk avtomobilining egasi kimligi ham aniqlandi. U Rossiyaning Krasnodar viloyatida istiqomat qiluvchi shaxs bo‘lib chiqdi. Uning yashash joyida surishtiruv harakatlari boshlangan. 

Ma’lumot uchun, Rossiya 2014 yil Ukrainaning Qrim yarimorolini egallab olgach, hududni Rossiyaning quruqlikdagi qismi bilan bog‘lash uchun Kerch ko‘prigini qurgan edi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top