Yangi g‘oliblar va 3,5 karra ko‘p mablag‘ - Prezident “Tashabbusli budjet” bo‘yicha yangiliklarni e’lon qildi
Bu yilgi 2-mavsum g‘oliblari qatoriga qo‘shimcha ravishda yana 364 ta loyiha ham qo‘shildi. Keyingi yildan boshlab “Tashabbusli budjet”ga ajratiladigan pullar soni 3,5 barobarga ko‘paytiriladi. Mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi.
“Tashabbusli budjet”ning bu yilgi 2-mavsumida 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan loyihalarning hammasi moliyalashtiriladigan bo‘ldi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 11 oktyabr kungi yig‘ilishda ko‘rsatma berdi.
Topshiriqqa ko‘ra, g‘olib deb topilgan 1418 ta loyihaga qo‘shimcha ravishda, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 364 ta loyiha uchun respublika budjetidan 335 mlrd so‘m ajratiladi.
Qo‘shimcha g‘olib deb topilgan 364 ta loyihaning 110 tasi maktablar, 113 tasi mahallalardagi ichki yo‘llar, 49 tasi shifoxonalar, 16tasi bog‘chalarni ta’mirlash va jihozlashga oid.
Natijada, 2-mavsum uchun ajratilgan jami mablag‘lar miqdori 1,3 trln so‘mni tashkil etib, mavsum doirasida g‘olib deb topilgan loyihalar soni 1782 taga yetadi.

Shu bilan birga, 200 dan ortiq aholi qo‘llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.
Yana bir muhim yangilik: 2023 yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli budjet” orqali, aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi.
Buning uchun “Tashabbusli budjet”ga joriy yilga nisbatan 3,5 barobar ko‘p (8 trln so‘m) mablag‘ ajratiladi. Bunda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar ham fuqarolar tomonidan ilgari surilgan loyihalarga yo‘naltiriladi.
“Shunda o‘g‘rilik bo‘lmaydi, adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi”, dedi prezident.

Odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni ko‘proq hal etish maqsadida 2023 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar budjeti qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham fuqarolar fikri asosida yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Bungacha bunday talab faqat tuman-shaharlar budjetiga taalluqli edi.
Boshqacha aytganda, endi nafaqat tuman-shaharlar, balki viloyatlar budjetidagi qo‘shimcha mablag‘larning ham kamida 30 foizini qayerga ishlatishni mahalliy aholi hal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident o‘tgan hafta sirdaryolik faollar qarshisidagi chiqishida ham “Tashabbusli budjet” haqida gapirgan edi.
“Tasavvur qilinglar, har bir bergan pulimizni ochiq budjet bo‘lib odamlarning o‘zi tasdiqlasa qanday yaxshi bo‘lardi. O‘n karra ko‘p adolat bo‘lardi”, – degandi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlash kerakki, “Tashabbusli budjet” loyihasi orqali joylarda odamlar uyushgan holda o‘z hududidagi muammolarni hal etish uchun ovoz yig‘ib, pul ajratilishiga erishmoqda. Ya’ni soliq to‘lovchilar o‘zlari to‘lagan soliqlardan yig‘ilgan pullar qayerga ishlatilishini hal qilishda ishtirok etyapti.
G‘olib chiqqan mahallalar o‘z g‘alabasini katta xursandchilik, karnay-surnay va mushaklar bilan nishonlashi odat tusiga kirib boryapti.
Tavsiya etamiz
Magic City'ning egasi yana o‘zgaradi
O‘zbekiston | 21:22 / 17.03.2025
«Balki uddalarmiz, balki yo‘q». Tramp ertaga Putin bilan gaplashishga va’da berdi
Jahon | 20:36 / 17.03.2025
Emmanuel Makron Yevropaga «yadroviy qalqon» taklif etdi
Jahon | 12:00 / 16.03.2025
AQSh 43 davlat, jumladan Rossiya va Belarus fuqarolarining kirishini cheklashi mumkin
Jahon | 17:13 / 15.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
AQShda professor 380 mln yillik toshqoldiqlarning chiqindiga tashlab yuborilishiga sabab bo‘lgan universitetni sudga berdi
Jahon | 15:34
-
O‘zbekiston Avtomobil Biznesi Uyushmasi (ABA): avtomobilsozlikni barqaror rivojlantirish uchun soha yetakchilarining birlashmasi
O‘zbekiston | 15:00
-
Dunyoning asosiy gastronomik shahri ma’lum qilindi
Jahon | 14:55
-
«Tashabbusli budjet»da majburiy ovoz to‘plangan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi
O‘zbekiston | 13:31
Mavzuga oid

13:31
«Tashabbusli budjet»da majburiy ovoz to‘plangan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi

11:20 / 14.03.2025
O‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi

17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi

15:59 / 25.12.2024